O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida 2022 – 2023-o‘quv yili uchun tayyorgarlik ko‘rish hamda talabalarning nafaqat amaliy ko‘nikmalarini, balki nazariy jihatdan ham bilimlarini oshirish maqsadida universitet professor-o‘qituvchilari tomonidan 15 turdagi yangi o‘quv, uslubiy qo‘llanma va darsliklar (o‘zbek va rus tillarida) chop etilib, yangi o‘quv yilidan boshlab barcha foydalanuvchilar ixtiyoriga topshirilishi ko‘zlanmoqda!
Quyida ular haqida qisqacha ma’lumotga ega bo‘lishingiz mumkin!
1. Н.К.Светличная: «Адаптивное и оздоровительное физическое воспитание», (o'quv qo'llanma).
- Ushbu o‘quv qo‘llanma bolalarning adaptiv va sog‘lomlashtirish jismoniy tarbiyasini o‘rganish uchun zarur bo‘lgan asosiy ma’lumotlarni taqdim etadi.
2. Sh.A.Pulatov, N.I.Axmedova: “Sport o‘yinlari elementlariga o‘rganish (tennis)”, (o‘quv qo‘llanma).
- Mazkur o‘quv qo‘llanma o‘zbek tilida ilk bor tayyorlangan keng qamrovli o‘quv adabiyoti sifatida O‘zDJTSU talabalari, magistrlar, malaka oshirish tinglovchilari va muvofiq ta’lim yo‘nalishiga ixtisoslashgan o‘quv muassasalari, tennis maktablari o‘quvchi-yoshlari hamda maktabgacha ta’lim muassasalarining jismoniy tarbiya o‘quvchilari uchun taqdim etilgan.
3. M.I.Xaydarova, B.I.Ne’matov: “Jismoniy tarbiya va sportga oid izohli lug‘at”, (uslubiy qo‘llanma).
- Mazkur uslubiy qo‘llanmada jismoniy tarbiya va sportga oid turli atamalarning izohi berilgan bo‘lib, o‘zbek tilining yanada boyishiga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir. Undan barcha talaba-yoshlar, shuningdek, jismoniy tarbiya o‘qituvchilari, trenerlar foydalanishi mumkin.
4. F.K.Yuldashev: “Aholi salomatligini mustahkamlashda Abu Ali Ibn Sinoning merosidan foydalanish”, (uslubiy qo‘llanma).
- E’tiboringizga taqdim etilayotgan mazkur uslubiy qo‘llanma jismoniy tarbiya va sport sohasidagi oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari talabalari, qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari tinglovchilari, jismoniy tarbiya va sport sohasidagi o‘qituvchi hamda murabbiylari uchun aholi salomatligini mustahkamlash, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish bo‘yicha nazariy va amaliy mashg‘ulotlarda foydalanish uchun mo‘ljallangan.
5. Artiqov Asqar Akbarovich: “Futbol nazariyasi va uslubiyati (futbol evolyusiyasi, futbolning rivojlanish tarixi)”, (o‘quv qo‘llanma).
- Foydalanishingiz mumkin bo‘lgan bu qo‘llanmada futbol sport turida musobaqalarni tashkil qilish va o‘tkazish bo‘yicha ma’lumotlar keltirilgan!
6. A.A.Artiqov, Alimjonov Sunatilla Irisdavlatovich, Shadjalilov Sherzod Inagamovich: “Futbol nazariyasi va uslubiyati (futbolchilarning organizmining tiklanish tadbirlari)”, (o‘quv qo‘llanma).
- Futbol sport turi haqida kengroq tushuncha beruvchi mazkur yana bir o‘quv qo‘llanmada futbolchilarning sport mashg‘ulotlari tizimida qayta tiklash vositalarini qo‘llashning o‘ziga xos xususiyatlari, tibbiy-biologik qayta tiklash vositalari bo‘yicha mutaxassislar fikrlari atroflicha o‘rganilgan.
7. K.Ziyadullayev, I.Axmedov, Z.Yusupov: “Sportda buxgalteriya hisobi va moliyaviy menejment”, (o‘quv qo‘llanma).
- Sport sohasidagi iqtisodiy jihatlarga alohida e’tibor qaratilgan ushbu qo‘llanmada buxgalteriya hisobining mohiyati, predmeti va metodi, buxgalteriya balansi, schyotlar tizimi, asosiy xo‘jalik jarayonlarini hisobga olish uslubiyati, shuningdek, mehnat va unga haq to‘llash hisobi, xususiy kapital hamda moliyaviy natijalar hisobi o‘z aksini topgan.
8. Rahmatova Dilnoza Nurbayevna: “Maxsus fanlarni o‘qitish metodikasi (magistratura)”, (o‘quv qo‘llanma).
- Mazkur qo‘llanmada sportchining tayyorgarlik mazmuni va uslubiyati hamda unga ta’sir qiladigan umumiy qonuniyatlarini, sport nazariyasining asosiy atamalarini, sport to‘g‘risidagi mavjud bilimlar, sportchilarning mashg‘ulot tizimi, uni takomillashtirish borasidagi sport-texnik natijalarning o‘sish sur’atiga katta ta’sir ko‘rsatadigan muhim omillarni o‘zida mujassam etgan.
9. A.Mahmudov: “Umumiy psixologiya”, (darslik).
- Har jihatdan sportchilarga ko‘makdosh bo‘la oladigan bu darslik umumiy psixologiya faniga bag‘ishlangan bo‘lib, psixoligiyaga kirish, Psixik jarayon: tasnif, xususiyat, qonuniyatlar, bilish jarayonlarining qisqacha tasnifi, sezgi va idrok, tasavvur va boshqa qator tushunchalarni o‘zida mujassamlashtirgan!
10. X.X.Qurbonov: “Sport pedagogik mahoratini oshirish (maktabgacha va boshlang‘ich ta’limda yengil atletika)”, (o‘quv qo‘llanma).
- Mazkur qo‘llanma jajji bolajonlarning jismoniy holatini o‘rgatishga qaratilgan bo‘lib, u o‘z ichiga maktabgacha va boshlang‘ich ta’limda yengil atletikaning sportcha yurish, yugurish, sakrash va uloqtirish turlari texnikasini o‘rgatish, mashg‘ulotlarning asosiy mazmunini tashkil etish va o‘tkazish xususiyatlari hamda eng asosiy qonuniyatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni jamlagan.
11. A.A.Akbarovich: “Futbol nazariyasi va uslubiyati (taktik harakatlar)”, (o‘quv qo‘llanma).
- Ushbu qo‘llanmada futbol o‘yinining taktikasini o‘rgatish, o‘quv mashg‘ulot jarayonlarini olib borish va rasmiylashtirish uslubiyati yoritilgan. O‘quv qo‘llanma sport faoliyati (faoliyat turlari bo‘yicha) talabalari uchun yaratilgan.
12. S.Usmonxo‘jayev: “Qilichbozlik nazariyasi va uslubiyati”, (o‘quv qo‘llanma).
- Mazkur o‘quv qo‘llanma universitet talabalari uchun “Qilichbozlik nazariyasi va uslubiyati” fani asosida tuzilgan bo‘lib, unda qilichbozlik sport turiga oid o‘zlashtirilishi zarur bo‘lgan nazariy bilimlar uslubiyati va amaliy mashqlar o‘rin olgan.
13. M.X.Mirjamolov, N.Y.Valiyeva: “Adaptiv jismoniy tarbiya va sport nazariyasi va uslubiyati” (darslik).
- Darslikda adaptiv jismoniy tarbiyaning tarixi, atamalari, turlari, mamalakatimizda adaptiv jismoniy tarbiyaning rivojlanish tarixi, adaptiv jismoniy tarbiya nazariyasining asosiy tushunchalari batafsil, tushunarli va eng asosiysi sodda tilda bayon etilgan! Aynan mana shu darslik orqali universitet talabalari, magistrlar hamda maxsus maktab internat o‘qituvchi va o‘quvchilari o‘zlari uchun boshqa qimmatli ma’lumotlarni olishlari mumkin.
14. Yuldasheva Kamola Alimjanovna: “Jismoniy tarbiya va sportda axborot texnologiyalar”, (o‘quv qo‘llanma).
- Mazkur o‘quv qo‘llanma esa universitet talabalari uchun kompyuter tarkibidagi ichki simovlarni tavsiflashni o‘rganish, Microsoft Windows operatsion tizimlari uchun yaratilgan idora dasturlari, dasturiy ta’minotlar va elektron pochta bilan ishlashning asosiy tamoyillarini o‘rganish va olingan bilimlar asosida ishlash ko‘nikmasini hosil qilish, ulardan amaliy foydalanish kabi malaka va ko‘nikmalarni shakllantirishga xizmat qiladi.
15. I.S.Xaytmetov va boshqalar: “Sport turlari bo‘yicha tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish (gimnastika)”, (o‘quv qo‘llanma).
- So‘nggi taqdim etilayotgan qo‘llanma noziklik, go‘zal harakatlarni o‘rgatishga qaratilgan gimnasitikaning barcha sport turlarida tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazishni samarali rivojlantirishga, musiqiy eshitish qobiliyatlarini mustahkamlashtirishga, xoreografik raqslarini o‘zlashtirishga ko‘mak beruvchi uslubiy ko‘rsatmalar mavjudligi bilan ajralib turadi. Undan talabalar, Respublika ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab internati o‘quvchilari, BO‘SM tarbiyalanuvchilari, jismoniy tarbiya murabbiylari va o‘z navbatida, maktablardagi jismoniy tarbiya o‘qituvchilari foydalanishi mumkin!