Matkarimov Rashid Masharipovich – pedagogika fanlari doktori, professor, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti rektori.
Ilmiy va amaliy faoliyati
Matkarimov Rashid Masharipovich 1971 yil Xorazm viloyatining Xiva shahrida ziyolilar oilasida tavallud topgan. U 1988-1992 yillarda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutining “Og‘ir atletika” yo‘nalishida tahsil olgan. 1992-1993 yillarda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutining ilmiy-metodik laboratoriyasida stajyor-tadqiqotchi sifatida, 1993-1995 yillarda Toshkent davlat pedagogika instituti aspiranti sifatida faoliyat yuritgan.
1995-2000 yillarda Respublika sport yakkakurashchilari mahoratini oshirish oliy maktabining og‘ir atletika bo‘yicha terma jamoa murabbiysi, bosh murabbiysi lavozimlarida, 2000-2003 yillarda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutining Og‘ir atletika va velosport kafedrasi mudiri, shu bilan birga O‘zbekiston milliy terma jamoasining bosh murabbiysi sifatida ishlagan.
2003-2004 yillarda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport qo‘mitasi Oliy sport yutuqlari boshqarmasi boshlig‘i, 2004-2006 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi Olimpiya va sport zaxiralari boshqarmasi boshlig‘i, 2006-2010 yillarda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti Og‘ir atletika va velosport kafedrasi dotsenti, kafedra mudiri va dekani sifatida faoliyat yuritgan.
2010-2013 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi Olimpiya va sport zaxiralari boshqarmasi boshlig‘i, 2013-2017 yillarda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasining Olimpiya harakatini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i, 2017-2018 yillarda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti Sirtqi fakulteti dekani, 2018-2019 yillarda og‘ir atletika, velosport, ot sporti nazariyasi va uslubiyati kafedrasi mudiri hamda ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor lavozimida ishlagan.
2020-2023 yillarda Jismoniy tarbiya va sport ilmiy tadqiqotlar instituti direktori, 2023-2024 yillarda Yoshlar siyosati va sport vazirligi Olimpiya va paralimpiya sport turlarini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan. 2024 yildan buyon O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti rektori lavozimida ishlab kelmoqda.
Ilmiy faoliyati
Matkarimov Rashid Masharipovich 1999 yilda “Ommaviy razryadli og‘ir atletikachilar mashg‘ulot nagruzkalari hajmi va shiddatining optimal nisbatlari” mavzusida nomzodlik, 2022 yilda esa “Yuqori malakali og‘ir atletikachilarni ko‘p yillik tayyorlashning ilmiy-nazariy asoslari” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan.
80 dan ortiq ilmiy-uslubiy ishlar muallifi, jumladan:
2 ta darslik,
6 ta o‘quv qo‘llanma,
1 ta monografiya,
1 ta o‘quv-uslubiy qo‘llanma,
Xorijiy jurnallarda 30 dan ortiq maqola,
OAK ro‘yxatidagi mahalliy jurnallarda 38 ta maqola,
Respublika ilmiy-amaliy jurnallarida 70 dan ortiq maqola,
Ilmiy bazalardagi H-indeksi – 14 (Google Scholar).
Uning ilmiy ishlari turli xorijiy tillarga tarjima qilinib, xalqaro miqyosda keng qo‘llanilmoqda.
Mukofot va e’tiroflar
1999 yil – “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sport ustozi” faxriy unvoni,
“O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 20 yilligi” va “25 yilligi” medallari,
“Jismoniy tarbiya va sport a’lochisi” ko‘krak nishoni.
Ilmiy rahbarlik va xalqaro hamkorlik
50 dan ortiq bitiruv malakaviy ishlari, 50 dan ortiq magistrlik dissertatsiyalari rahbarligida himoya qilingan, 5 ta pedagogika fanlari nomzodi, 9 ta PhD dissertatsiyalari himoya qilingan, Pedagogika fanlari doktori talabgorlariga rasmiy opponent va ilmiy seminarlarda taqrizchi.
2019 yilda Rossiya Federatsiyasi Petrovskiy ilm-fan va san’at akademiyasining muxbir a’zosi etib saylangan. Shu bilan birga, Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasining ilmiy qo‘mitasi a’zosi, og‘ir atletika bo‘yicha xalqaro toifadagi hakam sifatida bir qator nufuzli musobaqalarda hakamlik qilgan.
Xalqaro hamkorlik va tashabbuslar
R.Matkarimov tashabbusi bilan Xitoy, Koreya, Yaponiya, Bolgariya, Polsha, Slovakiya, Nepal, Rossiya, Belarussiya, Qozog‘iston va Turkmaniston kabi davlatlardan mutaxassislar O‘zbekistonga tashrif buyurib, o‘quv-mashg‘ulot jarayonlarida ishtirok etgan. Xalqaro hamkorlikni mustahkamlash maqsadida Janubiy Koreya, Qozog‘iston, Rossiya va Slovakiyaning yetakchi universitet va mutaxassislari bilan memorandumlar imzolangan. Janubiy Koreyaning Yong In universiteti faxriy doktori.
2024 yildan O‘zDJTU huzuridagi Ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy kengash raisi, izlanuvchilardan mutaxassislik fanidan malakaviy imtihon qabul qiluvchi komissiya raisi, “Sportda ilmiy tadqiqotlar” va “Eurasian Journal of Sport Science” jurnallari tahririyat hay’ati raisi, 2024 yildan “Fan-sportga” ilmiy nazariy jurnali tahririyat hay’ati raisi.
Shaxsiy sifatlari
Rashid Masharipovich zamonaviy ilmiy qarashga ega, tahliliy qobiliyatli, tashabbuskor olim va pedagog sifatida o‘z ishiga yuqori mas’uliyat bilan yondashadi. O‘ziga va atrofidagilarga talabchan, izlanuvchan, tajribali tashkilotchi sifatida jamoa orasida hurmat qozongan.
Matkarimov Rashid Masharipovich – O‘zbekiston sport ta’limi va ilmiy tadqiqotlarini yangi bosqichga olib chiqishga hissa qo‘shayotgan, xalqaro miqyosda e’tirof etilgan mutaxassisdir.