#xalqaro_turnir
Bugun, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida taekvondo WTF boʻyicha 16-"Bek Mun Jong" anʼanaviy xalqaro turniri start oldi.
Turnir doirasida universitetga Janubiy Koreyaning Kyungdong, Daejin universitetlari, Pocheon taekvondo assotsiatsiyasi hamda Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi vakillaridan iborat delegatsiya tashrif buyurdi. Faxriy mehmonlar universitet rektori Rashid Matkarimov boshchiligidagi oliygoh jamoasi tomonidan munosib kutib olinib, dastlab tomonlar o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda universitetlar o‘rtasida taekvondo sportini rivojlantirish bo‘yicha xalqaro aloqalarni yo‘lga qo‘yish va mustahkamlash hamda universitet hududida Koreya investitsiya mablag‘lari xisobidan qurilishi rejalashtirilayotgan Taekvondo sport majmuasi loyihasi, shuningdek, talabalar almashinuvi hamda hamkorlikda tashkil etilayotgan qo‘shma ilmiy loyihalar yuzasidan fikr va takliflar bildirildi.
Shundan so‘ng xalqaro turnirning tantanali ochilish marosimi o‘tkazildi. Marosim davomida so‘z olganlar ushbu turnir nafaqat taekvondo bo‘yicha iqtidorli sportchilarni saralash, balki O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni yanada mustahkamlashdagi ahamiyati ham yuqori ekanligi, shuningdek, turnir yildan yilga yanada keng tus olib, unda ishtirok etuvchi davlatlar soni ham ortib borayotgani alohida qayd etildi. Tantanali marosim yakunida faxriy mehmonlarga esdalik sovg‘alari va tashakkurnomalar topshirilib, oliygoh bo‘ylab sayohat tashkil etildi.
Aytish joizki, ushbu musobaqada O‘zbekiston AQSh, Saudiya Arabistoni, Janubiy Koreya, Rossiya, Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘istondan jami 800 nafardan ortiq sportchilar o‘zaro bahslarga kirishdi. Ahamiyatlisi, unda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining ham 30 nafar taekvondo yo‘nalishi talabalari ishtirokchi hamda 20 nafari hakam sifatida qatnashmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 16-"Bek Mun Jong" anʼanaviy xalqaro turniri 2025-yil 28-may sanasiga qadar davom etadi.