Bugun, 2022 yil 26 may kuni O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida Belorusiya davlat jismoniy tarbiya universiteti vakili – professor Ivashko Svetlana Gennadyevna ishtirokida qo‘shma taʼlim dasturi bo‘yicha bilim olgan o‘n ikki nafar bitiruvchilarga magistrlik diplomi berilishining tantanali taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zDJTSU xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektori Jasur Zarifbayev bitiruvchilarni tabrikladi.
O‘z navbatida bitiruvchilar ham talabalar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlaganliklari va ijodiy o‘zini o‘zi anglash imkoniyatini yaratib berganliklari uchun professor-o‘qituvchilar tarkibiga minnatdorchilik bildirishdi.

Taʼkidlash joizki, ushbu talabalar qo‘shma fakultetning ikkinchi qaldirg‘ochlaridir. Eslatib o‘tamiz, «1 + 1» dasturi bo‘yicha taʼlim oluvchi talabalar birinchi kursda – O‘zDJTSUda, ikkinchi kursda BDJTUda o‘qishni davom ettirish imkoniyatiga egalar.
Bayramingiz muborak, aziz bitiruvchilar!