Sport vazirligida yosh olimlar va tadqiqotchilar ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
📅 2026-yil 9-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligida sport sohasida ilmiy tadqiqotlar samaradorligini oshirish, bugungi sport natijalarini chuqur ilmiy tahlil qilish va sport amaliyotidagi dolzarb muammolarga ilmiy asoslangan yechimlar topishga bag‘ishlangan uchrashuv tashkil etildi.
🟢Uchrashuvda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti rahbariyati, magistrantlar, doktorantlar, yosh olimlar va ilmiy tadqiqot muassasalari vakillari ishtirok etdi.
🏹 Asosiy e’tibor — sport natijalarini ilmiy tahlil qilish va tadqiqotlarni amaliyot bilan bog‘lashga qaratildi.
🟢Bugungi sportda erishilayotgan natijalarni shunchaki qayd etish emas, balki ularning ilmiy asoslarini o‘rganish, sportchilar imkoniyatlarini chuqur tahlil qilish, natijalarni prognozlashtirish va mavjud muammolarga samarali yechimlar ishlab chiqish muhim ahamiyat kasb etadi.
✅Uchrashuv davomida quyidagi ustuvor yo‘nalishlar muhokama qilindi:
🟢Dolzarb ilmiy mavzular — zamonaviy sport ehtiyojlaridan kelib chiqib, amaliy ahamiyatga ega tadqiqotlarni amalga oshirish;
🟢 Sport natijalarining ilmiy tahlili — sportchilarning natijalariga ta’sir etuvchi omillarni o‘rganish, istiqbolli sportchilarni saralash va natijalarni prognozlashtirish;
🟢 Ilmiy yechimlar va innovatsiyalar — sport tayyorgarligidagi mavjud muammolarni aniqlash, ularni ilmiy asosda o‘rganish va amaliy tavsiyalar ishlab chiqish;
🟢Ilm-fan va sport amaliyoti integratsiyasi — ilmiy tadqiqotlar natijalarini mashg‘ulot jarayoniga tatbiq etish hamda sportchilar tayyorgarligi samaradorligini oshirish;
🟢Yosh tadqiqotchilar salohiyati — magistrant va doktorantlarni zamonaviy metodologiya asosida tadqiqot olib borish, ilmiy yangilik yaratish va xalqaro ilmiy maydonda faol ishtirok etishga yo‘naltirish.
🎓Ilmiy ma’ruzalar va amaliy tavsiyalar
Sport vazirligi Oliy va professional sport ta’lim muassasalari bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Muqum Arzikulov, universitet rektori Rashid Matkarimov hamda Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Shukurjon Gaziyev sport rivojida ilmiy yondashuvlar, istiqbolli tadqiqot yo‘nalishlari va ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etish masalalariga to‘xtaldilar.
➡️Professor Georgiy Korobeynikov xalqaro ilmiy nashrlarda, jumladan, Scopus bazasida indekslanuvchi jurnallarda maqolalar chop etish, tadqiqot metodologiyasi va ilmiy natijalarning ishonchliligiga oid tavsiyalarini bildirdi.
🔬 Sport biomexanikasi — nazariyadan amaliy natijagacha
Sport biomexanikasi laboratoriyasi mudiri, professor Soyib Tajibayev professional bokschilar misolida olib borilgan innovatsion tadqiqotlar haqida ma’lumot berdi.
🧾Sportchilarning harakat texnikasini biomexanik tahlil qilish, jismoniy imkoniyatlarini baholash va mashg‘ulotlar samaradorligini oshirishda zamonaviy texnologiyalardan foydalanish imkoniyatlari yoritildi. Bunday tadqiqotlar ilmiy xulosalarni sportchilarning individual tayyorgarlik dasturlariga tatbiq etish uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.
🤝Asosiy vazifa — ilmiy natijani amaliy yechimga aylantirish!
Uchrashuv yosh olimlar va tadqiqotchilar oldiga muhim vazifalarni qo‘ydi: sportdagi real muammolarni aniqlash, ularni chuqur ilmiy o‘rganish, ishonchli dalillarga asoslangan tavsiyalar ishlab chiqish va tadqiqot natijalarini sport amaliyotiga tatbiq etish.
📎Zero, bugungi sport natijalarini ilmiy tahlil qilish — ertangi yutuqlarni rejalashtirish, yangi ilmiy izlanishlar esa sport rivojidagi muammolarga samarali yechim topish demakdir.
👦Ilm-fan, ta’lim va sport amaliyotining uzviy hamkorligi O‘zbekiston sportining raqobatbardoshligini oshirish va xalqaro maydondagi yutuqlarini yangi bosqichga olib chiqishning muhim omilidir.