👦2026-yil 30-sentabr kuni O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida I Markaziy Osiyo talabalar sporti xalqaro forumi doirasida xalqaro uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
🌎Tadbirda Xalqaro universitet sporti federatsiyasi (FISU) Prezidenti Leonz Eder, FISU Bosh kotibi o‘rinbosari Fernando Silva Parente, Markaziy Osiyo talabalar sporti federatsiyasi Prezidenti Qayrat Qayrullinovich, Mo‘g‘uliston talabalar sporti federatsiyasi Bosh kotibi Jargalsayxan Dorjsuren, Tojikiston talabalar sporti federatsiyasi raisi Shodi Safarov, shuningdek, O‘zbekiston talabalar sporti assotsiatsiyasi vakillari ishtirok etdi.
🔶Tashrif avvalida mehmonlar universitet muzeyi bilan tanishdilar. Shundan so‘ng xalqaro mehmonlar va universitet rahbariyati ishtirokida ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuvda talabalar sportini rivojlantirish, sport sohasidagi xalqaro hamkorlikni kengaytirish, ilg‘or tajribalarni o‘rganish va almashish, universitetning sport infratuzilmasi hamda ta’lim jarayoni bilan tanishish, shuningdek, istiqboldagi o‘zaro manfaatli hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi.
🤝 Hamkorlik memorandumi imzolandi
Uchrashuv doirasida O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti hamda Xalqaro universitet sporti federatsiyasi (FISU) o‘rtasida o‘zaro Anglashuv memorandumi imzolandi.
📌Memorandum doirasida quyidagi yo‘nalishlarda hamkorlik qilish belgilandi:
🟢sport bilan bog‘liq akademik va ilmiy-tadqiqot tashabbuslarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
🟢“Sog‘lom kampus” dasturi hamda qo‘shaloq karyera tashabbuslari orqali sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish;
🟢sport, ta’lim, rivojlanish, farovonlik, qo‘shaloq karyera va barqarorlik yo‘nalishlarida ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish;
🟢universitetni FISUning global tarmog‘iga integratsiya qilish hamda FISUning sport, ta’lim va sog‘lomlashtirish dasturlari va tashabbuslarida faol ishtirok etish.
🏅Faxriy professor unvoni topshirildi
Tadbir yakunida FISU Prezidenti Leonz Ederga O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining “Faxriy professor” unvoni tantanali ravishda topshirildi hamda esdalik sovg‘alari taqdim etildi.
🥋Shundan so‘ng xalqaro mehmonlar universitet sport majmuasida talabalar ishtirokida tashkil etilgan “Jang san’atlari” festivali hamda boshqa ko‘rgazmali chiqishlarni tomosha qildilar.
🗣️Mazkur xalqaro forum va uchrashuvlar talabalar sportini rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash hamda O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarining jahon talabalar sporti hamjamiyatidagi aloqalarini kengaytirishda muhim qadam bo‘ldi.