Joriy yilning 7-noyabr kuni O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida Butunjahon Jang San’atlari Ittifoqi (WoMAU) delegatsiyasi tantanali tarzda kutib olindi.
Avval xabar berganimizdek, YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasida ishtirok etish maqsadida yurtimizda bo‘lib turgan WoMAU Bosh kotibi Ahn Jung-whan hamda bosh kotib o‘rinbosari Leye Tayehodan iborat delegatsiya universitet rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi.
✔️Uchrashuv davomida aholi orasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni targ‘ib etish, shuningdek, yakkakurash sport turlarini ommalashtirish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar kelgusi yilda Jang san’atlari bo‘yicha Osiyo chempionatini O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida o‘tkazish taklifini ilgari surdilar.
📌Uchrashuv yakunida ikki tomonlama hamkorlik memorandumi imzolandi. Ushbu hujjat qo‘shma tashabbuslarni rivojlantirish, xalqlar o‘rtasida do‘stlik, o‘zaro hurmat va hamkorlik muhitini mustahkamlashga xizmat qiladi.
🔺Tashrif davomida mehmonlarga universitetning zamonaviy sport inshootlari, o‘quv-laboratoriya majmualari hamda moddiy-texnik bazasi tanishtirildi. Shundan so‘ng, yakkakurash sport turlari yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar tomonidan tayyorlangan “Jang san’atlari” festivali namoyish etildi.
✍️Ma’lumot o‘rnida:
⏺Butunjahon Jang San’atlari Ittifoqi (WoMAU) 2002-yil 2-oktyabrda tashkil etilgan bo‘lib, hozirda 47 mamlakatning 50 dan ortiq federatsiyalarini birlashtirgan yirik xalqaro tashkilot hisoblanadi.
🟣Tashkilot jang san’atlarini tinchlik, adolat va insoniy qadriyatlarni targ‘ib etuvchi madaniy meros sifatida rivojlantirishni o‘z oldiga maqsad qilgan.
⏺2009-yilda WoMAU YUNESKOning rasmiy hamkori, 2010-yilda esa Nomoddiy madaniy merosni asrash bo‘yicha Hukumatlararo qo‘mitaning maslahatchi nodavlat tashkiloti maqomini olgan. 2011-yilda esa Koreya hukumati bilan hamkorlikda tashkil etilgan Xalqaro Jang San’atlari Markazi (ICM) YUNESKOning 2-toifa instituti sifatida faoliyat yuritmoqda.
🔘Bugungi kunda WoMAU YUNESKO bilan hamkorlikda an’anaviy jang san’atlarini asrash, ularni jahon miqyosida targ‘ib etish hamda madaniy almashinuvni kuchaytirish yo‘lida samarali faoliyat olib bormoqda.