#yangi_o‘quv_yili_boshlandi
Bugun O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida ana shunday shior ostida Vatanimiz mustaqilligining 33 yilligi hamda yangi o‘quv yilining ilk kuni munosabati bilan tantanali bayram tadbiri o‘tkazildi.
Universitet rahbariyati, O‘zbekiston Respublikasi sport vazirligi mas’ullari, Chirchiq shahar hokimi va jamoatchilik vakillari, faxriy ustozlar, professor-o‘qituvchilar, taniqli sportchi-talabalar hamda ularning ota-onalari ishtirok etgan tadbir oliygoh rektori, professor Rashid Matkarimovning kirish so‘zi bilan boshlandi.
Rektor o‘z nutqida barchani mustaqilligimizning 33 yilligi va talabalik baxtiga musharraf bo‘lgan barcha talaba-yoshlarni sportchilar oilasining aʼzosi bo‘lganliklari bilan qutlab, yangi o‘quv yilida birinchi kursga tavsiya etilgan talabalarga o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha malakali kadr bo‘lib yetishib chiqishi hamda kelgusidagi faoliyatida ulkan yutuqlar yor bo‘lishini tiladi.
Shundan so‘ng Chirchiq shahri hokimi Murodjon Abdurahimov so‘zga chiqib, mamlakatimizda ta’lim va sport sohalariga qaratilayotgan e’tibor natijasida yoshlarimizning turli xalqaro sport musobaqalari, festivallar, fan olimpiadalarida birinchilikni qo‘lga kiritib, yurtimiz bayrog‘ini yana ham balandlarga ko‘tarib kelayotganini alohida qayd etib, fikri isboti sifatida Fransiya poytaxti Parij shahrida bo‘lib o‘tgan yozgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida sportchilarimiz erishgan yutuqlar, o‘rnatilgan rekord natijalarni misol qilib keltirdi.
Tadbir davomida universitetda uzoq yillar samarali mehnat qilgan va doimiy izlanishda bo‘lgan bir qator professor-o‘qituvchilar hamda murabbiylarga ilmiy daraja va unvonlar tantanali ravishda topshirildi.
Shu bilan birga, imtiyoz asosida qabul qilingan talabalar ham o‘zlarining his-hayajonlari bilan o‘rtoqlashdi. Ayniqsa, tadbir davomidagi sho‘x tarona va jozibador raqslar tadbirga o‘zgacha fayz bag‘ishladi.