25-iyun kuni O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining professor-o‘qituvchilari oliygohning ko‘p yillik fidoyi mehnatkashi, jonkuyar ustoz Daurenov Eshboy Yusupovichning xonadonlariga tashrif buyurdilar.
O‘zining 84 bahorini qarshilagan Eshboy Yusupovich yurtimizda "Sport-sog‘lomlashtirish turizmi" fanining asoschisi hamda soha rivojiga ulkan hissa qo‘shgan, minglab shogirdlarni kamolga yetkazgan chinakam maktab hisoblanadi.
Muhtaram ustozni universitetning Menejment va sport tadbirlarini tashkil etish, Jismoniy tarbiya, sport nazariyasi va uslubiyati kafedralari professor-o‘qituvchilari yo‘qlab holidan xabar olishdilar.
Suhbat davomida ustozning boy hayotiy tajribasi, ilm-fan yo‘lidagi mashaqqatli va sharafli mehnati yodga olindi. O‘z navbatida, Eshboy Yusupovich ko‘rsatilgan yuksak ehtirom va e’tibordan mamnun ekanliklarini bildirib, oliygoh jamoasi hamda yosh avlod vakillarining kelgusi ilmiy va pedagogik faoliyatlariga oq fotiha berib, muvaffaqiyatlar tiladilar.
Ustozlarining bosib o‘tgan yo‘lini qadrlash va ularning duolarini olish — muqaddas qadriyatimizdir.