#kengash_yig‘ilishi
Bugun, 5-sentyabr kuni O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Kengashining navbatdan tashqari kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Universitet rektori Rashid Matkarimov, Sport vazirligi mas’ul xodimi M.Arziqulov, prorektorlar, kafedra mudirlari, bo‘lim rahbarlari, Kengash a’zolari hamda professor-o‘qituvchilar ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilish avvalida universitet rektori barchani O‘zbekiston mustaqilligining 33 yilligi bilan samimiy qutladi.
Shundan so'ng jismoniy tarbiya va sport sohasida uzoq yillar samarali mehnat qilgan va doimiy izlanishda bo‘lgan bir qator professor-o‘qituvchilar hamda ilmiy izlanuvchilarga tantanali tarzda diplomlar topshirildi.
Qayd etish joizki, tahliliy-tanqidiy ruhda bo‘lib o‘tgan yig‘ilish davomida yil boshidan bugunga qadar qo‘lga kiritilgan yutuqlar sarhisob qilinib, oldindagi rejalar belgilab olindi.
Xususan, universitet tuzilmasiga kiritilgan o‘zgarishlar, yangi tayinlangan lavozimlar haqida ma’lumot berildi. Undan tashqari sohaga oid qaror va buyruqlar mazmun-mohiyati, ularning ijrosi, ma’naviy-ma’rifiy, ilmiy-tadqiqot va o‘quv-uslubiy yo‘nalishlar bo‘yicha amalga oshiriladigan ustuvor vazifalarga alohida to‘xtalib o‘tildi.
O‘z navbatida, kun tartibidagi boshqa muhim masalalar yuzasidan mas’ullar hisoboti tinglandi.