Xabaringiz bor, joriy yilning 1-14 may kunlari poytaxtimizda o‘tkazilgan boks bo‘yicha Jahon chempionatida 13 ta vazn toifasida sportchilar o‘zaro bahs olib borishdi. Ahamiyatlisi, mazkur chempionatda uchta vazn toifasida O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining -63,5 kg: Ruslan Abdullayev, -80 kg: Jasurbek Yo‘ldoshev hamda -67 kg: Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev kabi iqtidorli talabalari ham ishtirok etib, ulardan ikkitasi oltin medalni qo‘lga kiritgan edi.
Bugun universitetda ana shu chempion talabalar bilan uchrashuv tashkil etildi. Dastlab, oliygoh rektori M.Boltabayev ularni erishgan yuksak yutuqlari bilan samimiy tabriklab, o‘zining ezgu tilakalarini bildirdi. Shundan so‘ng Yakkakurash sport turlari fakulteti professor-o‘qituchilari va talaba-yoshlari bilan kechgan suhbatda har ikkala chempionning olib borgan janglari va hayajonga boy lahzalar to‘g‘risida so‘z bordi. Bu esa qolgan talaba-yoshlarga o‘ziga xos motivatsiya ulashdi.
Yakunda esa chempion talabalarga fakultet vakillari tomonidan esadlik sovg‘alari topshirilib, qo‘lga kiritgan g‘alabalari bardavom bo‘lishini tilab qolishdi.