Kim Danil Fyodorovich 74 yoshda vafot etdi.
O‘zbekiston og‘ir atletika oilasi og‘ir yo‘qotishga uchradi. Og‘ir atletika bo‘yicha xalqaro toifadagi hakam, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti professori Kim Danil Fyodorovich vafot etdi.
Kim Danil Fyodorovich uzoq yillar davomida nafaqat mamlakatimizda, balki xalqaro maydonda ham og‘ir atletika rivojiga katta hissa qo‘shgan fidoyi mutaxassis edi. U o‘zining chuqur bilimlari, prinsipialligi va halolligi bilan sport jamoatchiligi orasida katta hurmat qozongan edi.
Ustoz sifatida u yuzlab sportchilar va murabbiylarni tarbiyaladi, hakam sifatida esa ko‘plab xalqaro musobaqalarda adolatli qarorlar qabul qilib, sport tamoyillariga sodiqligini namoyon etdi. Uning hayoti va faoliyati sportda halollik, fidoyilik va professionallik timsoli bo‘lib qoladi.
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti jamoasi marhumning oila a’zolari, yaqinlari va shogirdlariga chuqur hamdardlik bildiradi.
Ustozning yorqin xotirasi mangu yodimizda saqlanib qoladi!