#xizmat_safari
Xabar berganimizdek, joriy yilning 9-17 may kunlari O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti rektori Rashid Matkarimov boshchiligidagi delegatsiya Germaniyaning Kyoln shahrida joylashgan German Sport University Cologne (GSU) universitetida xizmat safarida bo‘lib qaytdi.
Dastlab, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti hamda German Sport University Cologne universiteti vakillari o‘rtasida uchrashuv o‘tkazilib, unda sport sohasi hamda ta’limini rivojlantirish yuzasidan o‘zaro hamkorlik memorandum imzolandi.
Vakillarimiz safar davomida German Sport University Cologne universitetidagi mavjud ilmiy laboratoriyalar faoliyati bilan yaqindan tanishib, sport turlarini rivojlantirishga qaratilgan ilmiy tadqiqotlarni birgalikda olib borish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Shuningdek, delegatsiyamiz tarkibidagi professor-o‘qituvchilarimiz mezbon universitet tomonidan tashkil etilgan xalqaro konferensiyada faol ishtirok etib, sohaga oid qilgan ma’ruzalari ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Aytish joizki, ushbu konferensiyada xorijiy mutaxassislar bilan jismoniy tarbiya va sport sohasiga oid qimmatli ma’lumotlar almashilib, mazkur yo‘nalishda xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, xalqaro grant loyihalarni jalb etish, sport psixologiyasi sohasida tajriba almashish, xalqaro hamkorlikni kuchaytirish va sport sohasida innovatsiyalarni rivojlantirish bo‘yicha istiqbolli rejalar belgilab olindi.
Ma’lumot o‘rnida, German Sport University Cologne universiteti – Germaniyada joylashgan yagona va yirik ixtisoslashtirilgan sport universiteti bo‘lib, sport fanlari, jismoniy tarbiya, sport tibbiyoti, sog‘lomlashtirish va reabilitatsiya, sport psixologiyasi, menejmenti hamda sport pedagogikasi sohalarida ilg‘or ilmiy-tadqiqot va o‘quv-metodik markaz sifatida tan olingan. Ushbu universitet Germaniyaning yirik va madaniy jihatdan boy shahri – Köln (Cologne) da joylashgan bo‘lib, 1947-yilda tashkil etilgan. Universitet tashkil topganidan buyon sport sohasida fundamental ilm-fan va amaliy tajribaning uyg‘unlashuvi asosida ko‘plab innovatsion loyihalarni hayotga tatbiq etib kelmoqda. Bugungi kunda mazkur universitet Germaniyada yagona ixtisoslashgan sport universiteti bo‘lib, sport fanlari bo‘yicha Yevropada eng yirik ilmiy markazlardan biri hisoblanadi. Ushbu universitet tarkibida 19 ta institut va 58 ta kafedra faoliyat olib boradi.
Universitet bakalavriat, magistratura va doktorantura bosqichlarida keng ko‘lamli ta’lim dasturlarini taklif etadi. Ta’lim jarayonlari sport nazariyasi va amaliyoti, sog‘lomlashtirish, sport tibbiyoti, pedagogika, psixologiya, menejment, kommunikatsiya va texnologiyalarga asoslangan.
German Sport University Cologne turli davlatlar va sport tashkilotlari bilan hamkorlikda xalqaro loyihalarda faol ishtirok etadi. Universitetda Erasmus+, DAAD va boshqa dasturlar orqali xalqaro talabalar almashinuvi keng yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, universitet quyidagi tashkilotlar bilan yaqin aloqada: Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasi (IOC), Germaniya Milliy Olimpiya Qo‘mitasi (DOSB), UEFA, FIFA, Xalqaro Paralimpiya Qo‘mitasi (IPC).
Bundan tashqari, universitet sport psixologiyasi, sport menejmenti va Olimpiya tadqiqotlari bo‘yicha xalqaro magistratura dasturlarini ingliz tilida olib boradi. Bugungi kunda universitetda 6000 dan ortiq talaba tahsil oladi. Oliygoh zamonaviy sport inshootlari, laboratoriyalar, kutubxonalar va ilmiy-tadqiqot markazlari bilan jihozlangan. Ahamiyatlisi, muassasa hududida Olimpiya darajasidagi sport zallari, yopiq va ochiq suzish havzalari, atletika maydonlari, diagnostika va reabilitatsiya markazlari, sport laboratoriyalari (biomexanika, fiziologiya, psixologiya).
Universitetni tugatgan mutaxassislar orasida Olimpiya chempionlari, milliy federatsiyalar murabbiylari, xalqaro sport tashkilotlari xodimlari, shuningdek, sport tibbiyoti, fan va ta’lim sohasining ilg‘or vakillari mavjud. DSHS Köln diplomi Yevropa Ittifoqi va boshqa davlatlarda yuqori darajada tan olinadi.