Joriy yilning 24 mart sanasida Yengil atletika nazariyasi va uslubiyati kafedrasi jamoasi tomonidan uzoq yillar davomida kafedrada samarali mehnat qilib, o‘zining boy tajribasi, ilmiy va pedagogik faoliyati bilan ko‘plab shogirdlar tarbiyalagan faxriy ustozlar holidan xabar olindi. Ushbu ezgu tashabbus orqali keksalarga hurmat va e’tibor ko‘rsatish, ularning holidan muntazam xabardor bo‘lib turish an’anasi yana bir bor amalda namoyon etildi. Tashrif doirasida T.R.Rasulova, V.V.Ivanova-Tyurina hamda N.I.Svetkovlarning xonadonlariga borilib, ularning sog‘ligi, kundalik hayoti va turmush sharoiti bilan yaqindan tanishildi. Samimiy uchrashuv davomida ustozlar bilan iliq suhbatlar o‘tkazildi, ularning o‘tgan faoliyati, sport va ta’lim sohasiga qo‘shgan ulkan hissasi alohida e’tirof etildi. Ular tomonidan berilgan hayotiy maslahatlar, tajribaga asoslangan fikrlar yosh avlod uchun muhim tarbiyaviy ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi. Shuningdek, tashrif davomida ustozlarga ehtirom ramzi sifatida esdalik sovg‘alari topshirildi hamda ularga sihat-salomatlik, uzoq umr tilaklari bildirildi. Bunday uchrashuvlar keksalarning ko‘nglini ko‘tarish, ularni yolg‘iz emasligini his qildirish bilan birga, jamiyatda mehr-oqibat, insonparvarlik kabi fazilatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Ma’lumki, keksalarni qadrlash va ularning xizmatlarini e’tirof etish xalqimizga xos bo‘lgan ezgu qadriyatlardan biridir. Ayniqsa, ilm-fan va sport rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan ustozlarga hurmat ko‘rsatish – bu nafaqat odob-axloq talabi, balki yoshlar uchun ibrat maktabidir. Ularning hayot yo‘li, fidoyiligi va mehnatsevarligi bugungi avlod uchun namuna bo‘lib xizmat qiladi. Mazkur tashrif orqali yana bir bor “Keksalarga hurmat – ezgulik sari qadam” ekanligi amalda o‘z ifodasini topdi. Zero, keksalarning duosini olish, ularga mehr ko‘rsatish va e’tibor berish har bir insonning muqaddas burchidir.