Aziz ustozlar va talabalar!
Barchangizni kirib kelayotgan Yangi – 2022 yil bilan chin dildan tabriklayman.
El-yurtimiz farovonligi yo‘lidagi barcha ishlaringizda ulkan muvaffaqiyatlar tilab, yil davomida yaxshi kayfiyat va omad sizlarni aslo tark etmasin! Oilangizga baxtu saodat, xonadonlaringizdan tinchlik-xotirjamlik va fayzu baraka arimasin!
2021 yilda yurtimiz hayotida yaxshi kunlar, ulkan yutuqlar va marralar ko‘p bo‘ldi. Shu o‘rinda tarix sahifalaridan joy olayotgan 2021 yil universitetimiz hayotida muhim voqealarga boy bo‘lganini alohida taʼkidlash joiz. Jumladan, o‘quv jarayoniga yangi pedagogik texnologiyalarning joriy etilishi biz kutgan natijalarni berdi. Ilmiy tadqiqotlar borasida ham ahamiyatga molik, ijobiy yutuqlarga erishildi. Maʼnaviyat va maʼrifat, madaniyat va sport sohasida qilingan ishlar, qo‘lga kiritilgan yutuqlar ham o‘ziga xos salmoqqa ega.
Xususan, 24 nafar professor-o‘qituvchilar (2 nafar DSc, 22 nafar PhD) dissertatsiyalarni muvaffaqiyatli himoya qildi. 2021 yil Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan o‘tkazilgan “Yilning eng yaxshi pedagogi” tanlovida 1 nafar professor-o‘qituvchi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Universitet talabalari Tokio-2020 olimpiadasida 2 ta oltin, 1 ta bronza, Tokio-2020 paralimpiya musobaqalarida 3 ta oltin, 1 ta kumush va 1 ta bronza medallarni qo‘lga kiritdi.
Universitetmizda tahsil oluvchi talaba yoshlarning yutuqlari bilan birga, Prezident, Ibn Sino va boshqa nomdor stipendiantlarning ham borligi olib borilayotgan tizimli ishlarning samarasi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Qutlug‘ qadamlar bilan kirib kelayotgan 2022 yilda ham universitetimiz jamoasi katta-katta rejalarni amalga oshirish, bir qator xayrli tadbirlarni o‘tkazishni mo‘ljallamoqda.
Qadrli ustozlar, muhtaram professor-o‘qituvchilar, aziz talabalar! Ilmiy, ijodiy, o‘qishdagi faoliyat va intilishlaringizda muvaffaqiyatlar tilayman. Sihat-salomatlik, shodu xurramlik, baxtu saodat barchamizga yo‘ldosh bo‘lsin.
Yangi yilingiz muborak bo‘lsin!
Mahmudjon BOLTABOYEV,
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti rektori, professor