TİKA delegatsiyasi O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetiga tashrif buyurdi
🗓2025-yil 16-oktabr kuni O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetiga Turkiya Hamkorlik va Muvofiqlashtirish Agentligi (TİKA)ning O‘zbekistondagi Vakolatxonasi rahbari Esin Acar Ergin xonim boshchiligidagi delegatsiya rasmiy tashrif bilan keldi.
🗣Ushbu tashrif doirasida TİKA vakillari universitet rahbariyati bilan uchrashib, ikki tomonlama hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari yuzasidan muzokaralar olib bordilar. Uchrashuv chog‘ida tomonlar o‘zaro manfaatli loyihalarni ishlab chiqish, ularni amaliyotga tatbiq etish va mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish masalalarini muhokama qildilar.
➡️Delegatsiya tashrifi davomida mehmonlar universitetning tuzilmasi, ilmiy laboratoriyalari, zamonaviy sport inshootlari, axborot resurs markazi va boshqa infratuzilma obyektlari faoliyati bilan yaqindan tanishtirildi. Universitetning sport va ta’lim yo‘nalishidagi yutuqlari, ilmiy-tadqiqot ishlari, xalqaro dasturlardagi ishtiroki TİKA vakillarida katta qiziqish uyg‘otdi.
✅Muzokaralar davomida, birinchi navbatda, sport yo‘nalishida yuqori malakali kadrlarni tayyorlash, o‘qituvchilar malakasini oshirish va akademik almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, sport fanlari, sport tibbiyoti va jismoniy faoliyat sohalarida qo‘shma ilmiy tadqiqotlar olib borish, seminar va konferensiyalar tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
⏺Tashrif doirasida alohida e’tibor qaratilgan masalalardan biri — universitet qoshida zamonaviy sport laboratoriyasini tashkil etish bo‘yicha qo‘shma loyiha bo‘ldi. TİKA ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini bildirdi hamda laboratoriyani texnik jihozlash, uskunalar bilan ta’minlash va xalqaro standartlarga mos ravishda tashkil etish bo‘yicha o‘z yordamini taklif qildi.
🟡Shuningdek, universitetning moddiy-texnik bazasini yanada rivojlantirish, trening markazlarini modernizatsiya qilish, madaniy aloqalarni kengaytirish maqsadida o‘zbek-turk sport festivallari, yoshlar forumlari va boshqa xalqaro tadbirlarni o‘tkazish tashabbuslari muhokama qilindi.
✔️Tomonlar, sportda inklyuzivlikni ta’minlash, nogironlar sportini rivojlantirish, raqamli texnologiyalarni sportga joriy etish, onlayn platformalar yaratish va innovatsion yondashuvlarni amaliyotga tatbiq etish yo‘nalishlarida ham yaqin hamkorlik qilishga kelishib oldilar.
✍️Tashrif yakunida tomonlar o‘rtasidagi aloqalarni amaliy bosqichga olib chiqish, hamkorlikning huquqiy asoslarini mustahkamlash va doimiy muloqotni davom ettirishga kelishib oldilar. Ushbu tashrif ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona va strategik munosabatlarni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etdi.