#sport_oyligi
Bugun, 5-may kuni Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan respublika miqyosida o‘tkaziladigan “Sportchi – yurt himoyachisi!” shiori ostidagi oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasidagi “Sport oyligi”ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Jumladan, ushbu tantanali tadbirda Toshkent viloyatida joylashgan oliy ta’lim muassasalari rektorlaridan iborat jamoa O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida onlayn tarzda ishtirok etdi.
Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar “Sportchi – yurt himoyachisi!” shiori ostida o‘tkazilayotgan mazkur tashabbus yoshlarda jismoniy faollikni oshirish, ularni sog‘lom hayot tarziga jalb qilish, sportga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirish hamda Vatanga sadoqat, iroda va bardamlik ruhida tarbiyalash maqsadida yo‘lga qo‘yilganligini alohida qayd etib, talaba-yoshlarga sport oyligi doirasida o‘tkaziladigan turli musobaqalarda faol ishtirok etishlari, sog‘lom turmush tarziga sodiq qolishlari hamda yuqori natijalarga erishishlarida omad tiladilar.
Shundan so‘ng universitet rahbariyati tomonidan Toshkent viloyati oliy ta’lim muassasalari rektorlariga sport liboslari tarqatilib, ular o‘rtasida mini futbol sport turidan musobaqa tashkil etildi. Yakunda mehmonlar oliygohning sport inshootlari va talabalar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishib, ayni vaqtda universitetda o'tkazilayotgan boks bo'yicha xalqaro turnir hamda gandbol sport turidan O'zbekiston chempionati bahslarini kuzatdilar.
Ma’lumot o‘rnida, sport oyligi davomida talabalar badminton, basketbol, boks, dzyudo, gimnastika, og‘ir atletika, gandbol, stol tennisi, stritbol, suzish, futbol, taekvondo, voleybol hamda yengil atletika kabi 10 dan ortiq sport turlari bo‘yicha bellashuvlarda ishtirok etadilar.