💼Bugun, 26-aprel kuni O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida bitiruvchi talabalarni ish bilan ta’minlash maqsadida “Karyera kuni” mehnat yarmarkasi yuqori saviyada tashkil etildi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2022-yil 3-noyabrdagi “Jismoniy tarbiya va sport sohasida kadrlarni hamda ilmiy tadqiqotlar tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-414-son, “Oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining ishga joylashishiga ko‘maklashish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-61-son qarori va Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda “O‘zmilliybank” AJ hamkorligida amalga oshirilayotgan “Kelajakka qadam” dasturi orqali universitet bitiruvchilarini ishga joylashtirishga ko‘maklashish, ularning kasbiy tayyorgarligini mustahkamlash ko‘zda tutilgan. Aynan shu ezgu maqsadlar asosida talabalarning bilimi va o‘zlashtirish darajasiga qo‘yiladigan talablarni mehnat bozori talablari asosida belgilash maqsadida ushbu tadbir tashkil etildi.
✔️ Universitet rektori, professor Rashid Matkarimov tomonidan ochib berilgan tadbirning ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Sport vazirligi mas'ul xodimi Muqim Arziqulov, Chirchiq shahar hokimi birinchi o‘rinbosari Jur'atbek Raxmonov, Xalq deputatlari Chirchiq shahar kengashi deputati Ravshan Dastirov, Chirchiq shahar Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi boshlig‘i Baxtiyor Dalimov hamda universitet prorektorlari, kafedra mudirlari va talabalar ishtirok etdi.
📊Oʻz navbatida ish beruvchi vazirlik, muassasa, tashkilot va korxonalarga universitet tomonidan joriy oʻquv yilida universitetni tamomlayotgan jami 2068 nafar, jumladan, kunduzgi ta’limda 118 nafar, sirtqi ta’limda 1921 nafar, magistratura bosqichida 29 nafar bitiruvchi kurs talabalari haqidagi maʼlumotlar ish beruvchilar eʼtiboriga havola qilindi.
📍“Karyera kuni” mehnat yarmarkasi tadbiri yakunlari boʻyicha ish beruvchilar tomonidan 1528 nafar talabalar bilan suhbatlar oʻtkazilib, ularning ishga joylashish, amaliyot oʻtash uchun yoʻllanmalar berildi. 140 nafarga yaqin bitiruvchi kurs talabalari bilan esa ishga joylashish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Bir so‘z bilan aytganda, ushbu “Karyera kuni” mehnat yarmarkasi universitet bitiruvchi kurs talabalarining ish bilan ta’minlanish darajasi yuqori bo‘lishiga xizmat qildi.