#til_bayrami #aksiya
Bugun universitet Madaniyat saroyida talaba-yoshlar o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 33 yilligi va “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilinganligining 35 yilligiga bag‘ishlangan “Ommaviy diktant” aksiyasi o‘tkazildi.
O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzini oshirish, davlat tilini bilishning burch va majburiyat sifatida his etilishiga erishish, millat farzandlarining yozma savodxonlik darajasi, o‘zbek adabiy tili me’yorlari hamda o‘zbek tiliga nisbatan milliy g‘urur va iftixor tuyg‘ularini shakllantirish maqsadida tashkil etilgan ushbu aksiyada universitet talabalari faol ishtirok etishdi.
Jarayonni oliygohning O‘zbek va chet tillari kafedrasi professor-o‘qituvchilari kuzatib borishdi.
Ma’lumot o‘rnida, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi tashabbusi bilan tilbilig.uz platformasi yaratilgan bo‘lib, ushbu platforma o‘zining savodxonligini sinamoqchi bo‘lgan jamiyatning har bir vakili uchun beminnat xizmat ko‘rsatadi. Barcha istalgan paytda platformada ro‘yxatdan o‘tishi va diktant yozish orqali savodxonlik darajasini tekshirishi mumkin.