Ustoz qadri – yuksak ehtirom: tajriba va an’ana davomiyligi
O‘zbekiston sporti rivoji va oliy ta’lim tizimida murabbiylik maktabining shakllanishida fidoyi ustozlarning o‘rni beqiyosdir. Ana shunday zahmatkash va tajribali mutaxassislardan biri – O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan murabbiy, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti (O‘zDJTSU) Xalqaro va milliy kurash turlari nazariyasi va uslubiyati kafedrasining sobiq o‘qituvchisi Abdusattarov Ashirbek ustozdir.
Yaqinda Abdusattarov Ashirbek ustoz xonadonida samimiy uchrashuv tashkil etildi. Mazkur tashrifda universitetning Jangovar yakkakurash sport turlari nazariyasi va uslubiyati kafedrasi o‘qituvchisi Otamurotov Sunnatullo mehmon sifatida ishtirok etdi. Uchrashuv doirasida ustoz bilan ochiq va mazmunli suhbat o‘tkazildi.
Suhbat davomida Abdusattarov Ashirbek ustoz o‘zining ko‘p yillik murabbiylik faoliyati, sportchilar tayyorlash jarayonidagi tajribasi, shuningdek, milliy va xalqaro kurash turlarini rivojlantirish yo‘lida amalga oshirilgan ishlar haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi. Ustoz tomonidan bildirilgan fikrlar yosh mutaxassislar uchun amaliy ahamiyatga ega bo‘lib, sport sohasida ilmiy va uslubiy yondashuvning muhim jihatlarini yoritib berdi.
Otamurotov Sunnatullo esa o‘z navbatida ustozning boy hayotiy va kasbiy tajribasi, fidokorona mehnati hamda sport taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasi barcha uchun ibrat maktabi ekanini alohida ta’kidladi. Ustoz faoliyati yosh avlod murabbiylari va talabalar uchun yuksak namuna bo‘lib xizmat qilayotgani e’tirof etildi.
Bunday uchrashuvlardan ko‘zlangan asosiy maqsad – sobiq ustoz-murabbiylarga bo‘lgan chuqur hurmat va ehtiromni ifoda etish, ularning mashaqqatli mehnatini qadrlash hamda boy hayotiy va kasbiy tajribasini yosh avlodga yetkazishdan iboratdir. Zero, bugungi sport yutuqlari va ilmiy natijalarning mustahkam poydevori aynan ana shunday fidoyi ustozlar tomonidan yaratilgan. Ularning bosib o‘tgan hayot yo‘li, sabr-toqat bilan olib borgan faoliyati va tarbiyalagan shogirdlari – kelajak avlod uchun bebaho merosdir.
Shu jihatdan, bunday samimiy muloqotlar nafaqat ustozlarga ehtirom ramzi, balki ustoz-shogird an’analarining uzviy davomiyligini ta’minlovchi muhim ma’naviy ko‘prik vazifasini ham bajaradi. Ular yosh mutaxassislarni kasbiga yanada mas’uliyat bilan yondashishga, ustozlar merosini asrab-avaylash va uni munosib davom ettirishga undaydi.
O‘zDJTSU jamoasi tomonidan Abdusattarov Ashirbek ustozga chuqur hurmat va ehtirom izhor etiladi.