Bugun Jizzax davlat pedagogika universitetida “Innovatsion, raqamlashgan va globallashgan jamiyatda jismoniy tarbiya va sportning o‘rni va vazifalari” mavzusiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Mazkur anjuman jismoniy tarbiya va sport sohasida olib borilayotgan ilmiy-tadqiqotlar natijalarini keng jamoatchilikka yetkazish, ilmiy hamkorlikni rivojlantirish hamda raqamli transformatsiya jarayonlarida sportning o‘rni va istiqbollarini muhokama qilishga qaratildi.
✍️Tadbirda bir qator nufuzli xorijiy va mahalliy oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, ilmiy tadqiqotchilar, sport sohasi bo‘yicha yetuk mutaxassislar, xalqaro ekspertlar hamda yosh olimlar qatorida O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti vakillari ishtirok etdi. Konferensiya doirasida innovatsion yondashuvlar, sport ta’limini raqamlashuvi, raqamli platformalardan foydalanish samaradorligini oshirish, global sport tendensiyalarining rivojlanish jarayonlariga ta'siri kabi masalalar yuzasidan xalqaro tajribalar almashildi.
✔️Anjumanda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Ijtimoiy gumanitar fanlar kafedrasi mudiri B.Musayev faol ishtirok etib, “Sun’iy intellekt va raqamli kelajak o‘yinlari” mavzusidagi ilmiy ma’ruza bilan ishtirok etdi. Unda sun’iy intellekt texnologiyalarining sportdagi qo‘llanilishi, raqamli muhitda sport mashg‘ulotlarini modernizatsiya qilish imkoniyatlari hamda raqamli o‘yinlarning yoshlar sport madaniyatiga ta’siri borasida ilmiy qarashlar yoritib berildi.
🟢Konferensiya o‘zaro ilmiy fikr almashuvi, yangi g‘oyalar va amaliy takliflarni shakllantirish, ilmiy hamkorlik doiralarini kengaytirish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qildi. Tadbir yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.