Yangi Oʻzbekistondagi islohotlarga shubhangiz boʻlsa, bizning yurtga bir kelib keting...
Yurti tinchning eli tinch, deydi donishmand xalqimiz. Zero, oʻzbek xalqi tinchlik va ozodlikning qadriga yetadi.
Biz mulohazalarimizni bejiz tinchlik qadridan boshlamadik. Yangi Oʻzbekistonning xalqchil islohotlari zamirida ham, albatta, tinchlik-osoyishtalik, oʻzaro ahillik, bagʻrikenglik tamoyillari yotibdi.
Afsuski, yaxshi kunlarni koʻrolmaydigan, elu elatlararo fisqu-fasod sochadigan, gʻiybat qilib, tinchlikka raxna solishga urinuvchilar ham bor. Gapni ochiq aytamiz, keyingi vaqtlarda yangi Oʻzbekiston islohotlariga taʼrif berishda notoʻgʻri talqinlar ham urchimoqda. Xususan, ayrim xorij matbuoti vakillari yangi Oʻzbekistondagi islohotlarga shubha bilan, qandaydir gʻarazli yondashuvlar asosida xabarlar tarqatish hollari kuzatilmoqda.
Shu oʻrinda ularga bizning ham aytar gaplarimiz bor. Avvalo, Prezidentimizning “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi bosh muharririga bergan intervyusida “...bugungi kunda butun xalqimizning qalbidan chuqur joy olgan, umummilliy harakatga aylanib borayotgan “Yangi Oʻzbekiston” gʻoyasi zamirida ana shunday ulugʻ ajdodlarimiz, umuman olganda, milliy tariximizda Birinchi va Ikkinchi uygʻonish davrlariga asos solgan alloma bobolarimizning orzu-intilishlari va armonlari ham mujassam, desak, adashmagan boʻlamiz”, deyiladi.
Darhaqiqat shunday. Biz bugun kimgadir yoqsa-yoqmasada, katta yangilanishlar davriga qadam qoʻyganmiz. Va bu islohotlarni birovga yoqish uchun ham qilmayapmiz.
Birinchidan, Oʻzbekiston Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlari bilan ahil qoʻshnichilik munosabatlarida tub, yangi burilish davri boshlandi. Bunda chegaralar ochildi, nazorat-kiritish pukntlari tashkil etildi. Qoʻshni davlatlar bilan barcha masalalar boʻyicha konstruktiv muloqot oʻrnatildi.
Bundan sanoqli yillar oldin bu manzara qanday edi? Uzatsa qoʻl yetgulik joyda joylashgan birodar xalqimiz yillab bir-birinikiga borolmadi, farzandlar ota-onasini, qarindoshlarini sogʻinib yashadi. Hatto ota-onasini soʻnggi manzilga kuzata olmagan farzandlar, kelinlarni bilamiz. Ularning qalbidagi armon ogʻrigʻini soʻndirish mumkinmi?! Aslo yoʻq. Bugun xalqlarimiz oʻrtasida ahil qoʻshnilik munosabatlari tiklandi.
Ikkinchidan, valyuta bozori erkinlashdi, naqd pul bilan bogʻliq muammolar bartaraf etildi. Bir vaqtlar bank plastik kartochkamizdagi pulni naqdlashtirish uchun kunlar bank eshigi oldida sargʻayganimiz, 25-30 foizgacha ushlab qolish sharti bilan naqd pul olishga ham rozi boʻlganimiz hali yodimizdan chiqqani yoʻq.
Uchinchidan, majburiy mehnat, shu jumladan, bolalar mehnatiga barham berildi. Toʻrt-besh yil oldin kuz kelishi bilan maktablar, oliy oʻquv yurtlarida oʻqish deyarli toʻxtardi. Yuqori sinf oʻquvchilari, talaba-yoshlar, oʻqituvchiyu shifokorlar, qoʻyingki, barcha kasb egalari paxta dalasiga “haydalardi”. Bugun shu amaliyotga ham chek qoʻyildi.
Toʻrtinchidan, OAVlarning jamiyatdagi, muhim hukumat qarorlari qabul qilinishdagi roli oshirildi. Avval biron ochiq soʻz aytishga qoʻrqqan jurnalistlar, blogerlar bugun hech hayiqmasdan jamiyatdagi ogʻriqli muammolarni ochiq aytmoqda. Eng muhimi, bu muammolarga Prezidentning shaxsan oʻzi eʼtibor qaratib, jurnalistlarni qoʻllab-quvvatlab turibdi. Bu ham mamlakatda yangi taraqqiyot davriga asos soldi.
Beshinchidan, Prezidentning Virtual va Xalq qabulxonalari ish boshladi. Bir zamonlar xalqimiz dardini kimga aytishni bilmasdi. Hokimlar eshigi yoniga yoʻlab boʻlmasdi. Bugun mutlaqo boshqacha, hokimlar eshigi xalq uchun ochildi, ular uyma-uy yurib xalq dardini eshitmoqda, muammolarga yechim topilmoqda. Pirovardida, necha-necha yillar davomida odamlarni qiynab kelgan masalalar joyida hal boʻlmoqda. Bu ham yangicha siyosat emasmi?!
Oltinchidan, huquqni muhofaza qilish organlari va qurolli kuchlar tizimi tubdan isloh qilindi. Eʼtibor bering, bu tuzilmalar bir zamonlar xalqimiz nazdida faqat jazolovchi organ sifatida oʻzini namoyon etgandi. Bugun ichki ishlar organlari xalq manfatlarini himoya qiluvchi kuchga aylandi. Odamlarning organ xodimlariga ishonchi va hurmati oshmoqda.
Yettinchidan, soliq islohotlari amalga oshirildi. Bu jarayonda tadbirkorlik subyektlari uchun soliq yuki kamaytirildi, soliq taʼtillari eʼlon qilindi. Bugungi tadbirkor kechagi tadbirkor emas. Bugun ular tommaʼnoda iqtisodiyot drayverlariga aylandi. Investitsiya kiritishga qoʻrqmayapti, chunki davlat ularning manfaati uchun ixtisoslashdi. Natijada minglab yangi ish oʻrinlari paydo boʻldi. Bu minglab oilalar toʻkis hayot tarziga oʻtdi, deganidir.
Sakkizinchidan, davlat xizmatlari tizimi rivojlandi. Ularning sifati va samaradorligi oshdi. Yaʼni, bugun fuqarolarimiz uyida oʻtirib ham turli xizmatlardan foydalanishi mumkin. Bunda ortiqcha talab qilinadigan hujjatlar soni ham qisqartirilgani eʼtiborlidir.
Toʻqqizinchidan, mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha Oʻzbekiston tashabbuslari xalqaro miqyosda ham keng koʻllab-quvvatlanmoqda. Bir soʻz bilan aytganda, Oʻzbekistonning xalqaro muloqot doirasi kengaydi.
Oʻninchidan, mustaqilligimizning 30 yilligi arafasida 100 dan ziyod millat fidoyilari, ozodlik uchun jon bergan jadidchilarimiz rasman oqlandi. Bu qutlugʻ jarayonda bir zamonlar “bosmachi” tamgʻasi bosilgan ajdodlarimiz oqlanganini xalqimiz katta mamnuniyat bilan qabul qilgani, tarixiy adolatning tiklanishi, deya baholaganini ham eʼtirof etish joiz.
Muxtasar aytganda, yangi Oʻzbekistonning islohotlari haqida juda uzoq gapirish mumkin. Yana bir gap, agar kimdir yangi Oʻzbekistondagi oʻzgarishlarga shubha qilsa yoki uni eskincha, deb baholasa, bizning eshiklarimiz ochiq, xalqimiz ularni katta mamnuniyat bilan kutib olishga ham tayyor. Marhamat, keling, uyimizda mehmon boʻling. Islohotlarning amaliy ifodasini, odamlarning bugungi yashayotgan kunidan roziligini oʻz koʻzingiz bilan koʻring.
Mahmudjon BOLTABOYEV,
Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti rektori.