Bugun O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida 9 may Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan “Xotira bor ekan – millat barhayot” mavzusida bayram tadbiri o‘tkazildi.
Unda universitet rektori M.Boltabayev, prorektorlar, fakultet dekanlari, kafedra mudirlari, bir qator faxriy ustoz-murabbiylar, professor-o‘qituvchilar, bo‘lim rahbarlari, harbiylar va talabalar ishtirok etishdi.
Tadbir avvalida oliygoh rektori M.Boltabayev yig‘ilganlarning barchasini buyuk G‘alabaning 78 yilligi hamda Xotira va qadrlash kuni bilan samimiy qutlab, ularga o‘zining ezgu tilaklarini bildirib o‘tdi. Shundan so‘ng universitetda uzoq yillar davomida faoliyat yuritib kelayotgan bir guruh faxriy ustozlarni taqdirlash marosimi o‘tkazilib, ularga tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi. Tadbirning badiiy qismidan joy olgan – talaba-yoshlar tomonidan ijro etilgan o‘ziga xos sahna ko‘rinishlari, ifodali o‘qilgan sheʼr hamda raqslar guldastasi esa barchaning olqishiyu eʼtirofiga sazovor bo‘ldi.