Bugun O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida oliygohning Sport psixologiyasi va pedagogika kafedrasi hamda Milliy Olimpiya qo‘mitasi huzuridagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi bilan hamkorlikda “Zamonaviy dunyoda sport psixologiyasini rivojlantirishning dolzarb vazifalari” mavzusida ushrashuv tashkil etildi.
Unda universitet Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori B.Musayev, Milliy Olimpiya qo‘mitasi huzuridagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi direktorining fan va innovatsiyalar bo‘yicha birinchi o‘rinbosari A.Shayusupov, markaz sport bo‘limi direktori S.Yulchiyev, markaz sport psixologiya bo‘limi xodimi T.Sultonov hamda Sport psixologiyasi va pedagogika kafedrasi professor-o‘qituvchilari ishtirok etishdi.
Uchrashuv davomida sport faoliyatida psixologiyani rivojlantirishning dolzarb masalalari bo‘yicha o‘zaro tajriba almashish, sportda psixologik yordam ko‘rsatish, xususan, psixodiagnostika, psixologik maslahat va psixokorreksiyalarni o‘rganish hamda psixologiya (sport) yo‘nalishi magistrantlari va talabalari uchun markaz bilan hamkorlikda mahorat darslari tashkil etish kabi muhim masalalarda fikr-mulohazalar bildirildi. Shuningdek, markaz vakillari universitetning Sport psixologiyasi va pedagogika kafedrasi professor-o‘qituvchilari hamda talabalari tomonidan ishlab chiqilgan ishlanmalar bilan ham yaqindan tanishishdi.
Yakunda esa kelgusida sport psixologiyasi va sport tibbiyoti bo‘yicha ilmiy loyihalar yaratishda markaz bilan hamkorlik shartnomalarini imzolash yuzasidan kelishib olindi.