Bugun oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligida dzyudo bo‘yicha 35-jahon chempionatida Vatanimiz sharafini munosib himoya qilib, oltin medallarni qo‘lga kiritgan Davlat Bobonov va Muzafarbek To‘raboyevlarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vaziri Abduqodir Toshqulov, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Ko‘pkurash sport turlari dekani Alisher Tangriyev, Xalqaro kurash turlari nazariyasi va uslubiyati kafedrasi mudiri Shuxrat Arslanov, O‘zbekiston Milliy universiteti Jismoniy tarbiya va sport kafedrasi mudiri Shaxobiddin Bobonov hamda chempion talabalar ishtirok etishdi.
Uchrashuvda vazir sportchilarni mazkur g‘alabalari bilan chin dildan tabriklab, ularning ota-onalariga, murabbiylariga tashakkur izhor etdi.
Maʼlumot o‘rnida, Muzaffarbek To‘raboyev O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti talabasi, Davlat Bobonov Samarqand davlat universiteti bitiruvchisi hisoblanadi.