Hurmatli professor-o‘qituvchi va aziz talabalar!
Shiddat bilan rivojlanib borayotgan bir davrda, jamiyat farovonligi va taraqqiyotiga to‘siq bo‘layotgan illatlarning bugungi kundagi eng xavflisi korrupsiyadir. Lekin jamiyat rivojiga to‘sqinlik qiluvchi bu illatning yurtimiz kelajagi bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan ta‘lim sohasida mavjudligi yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan salbiy holatdir.
Mamlaktimizda keyingi yillarda oliy ta’lim sohasida xizmat qilayotgan xodimlarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilib, ularning jamiyatimizdagi ijtimoiy mavqei yanada mustahkamlanmoqda. So‘nggi yillarda soha xodimlarining ijtimoiy ta’minotini yaxshilash uchun bir qator ishlar amalga oshirilayotganligi, xususan professor-o‘qituvchilar imtiyozli kreditlar asosida uy-joy, transport vositalari bilan ta’minlangani, oylik ish haqiga ustamalar joriy etilganini islohotlarning mantiqiy davomi ekanligini qayd etish joiz.
Mamlakatimiz rahbari tomonidan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun, “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmon hamda “O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish Agentligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorining qabul qilinganligi bu illatga qarshi kurashish qanchalik muhimligi va bu bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlardan darak bermoqda.
Bugungi kunda mamlakatimizda juda ko‘plab o‘zgarishlar, yangilanishlar amalga oshirilayotgani, oliy ta’lim tizimida olib borilayotgan islohotlar natijasida sohada faoliyat yuritish tom ma’noda faxrli kasbga aylangani, bu g‘amxo‘rlik va imkoniyatlarga javoban avvalo, professor-o‘qituvchilar kasbiy burchlarini vijdonan bajarishga mas’uldir.
Korrupsiyaga qarshi kurashish, bugungi kunda jamiyatimizning har bir a’zosi mas’ul bo‘lishi unga qarshi kurashda barchamiz bir yoqadan bosh chiqarmog‘imiz lozim. Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, “Korruptsiyaga qarshi kurashishda aholining barcha qatlamlari, eng yaxshi mutaxassislar jalb qilinmas ekan, jamiyatimizning barcha a’zolari, ta’bir joiz bo‘lsa, “halollik vaksinasi” bilan emlanmas ekan, o‘z oldimizga qo‘ygan yuksak marralarga erisha olmaymiz”.
Yana shuni ham ta’kidlash joizki, yoshlarning oliy ta’lim bilan ilk uchrashuvlari albatta, qabul jarayonlari, kirish imtihonlarida bo‘ladi. Bu jarayonning ahamiyatli jihatlaridan yana biri, unda yoshlarning nafaqat ta’lim tizimi, balki butun jamiyat haqidagi fikri shakllanadi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Sir emaski, ma’lum bir davrda kirish imtihonlari korrupsiya va adolatsizlik holatlari eng ko‘p uchraydigan jarayonlardan biri sifatida qayd etilardi. Shuning uchun ham oliy ta’lim tizimida olib borilayotgan islohotlar ayni shu tizimda shaffoflikni ta’minlashdan boshlandi.
Bunday shaffoflikni ta’minlash esa oliy ta’lim muassasalariga qabul jarayonlari vaqtida juda muhimdir. Qabul jarayonlari hamda kirish imtihonlarining shaffof va adolatli tarzda tashkil etish oliy ta’lim sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlar zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklaydi. Shu bois, barchamiz ogoh bo‘lmog‘imiz, nafaqat o‘zimiz, balki atrofimizdagilarning ham bu jarayonlarda qing‘ir yo‘llardan foydalanmasligi uchun kurashmog‘imiz zarur.
Universitetimizda ham yangi o‘quv yili uchun qabul jarayonlari to‘liq videokuzatuv kameralari yordamida onlayn translyatsiya qilindi va universitet rasmiy veb-saytida onlayn tarzda namoyish etildi. Eng asosiysi, qabul jarayonlarida korrupsiya, tanish-bilishchilik kabi jirkanch holatlar kuzatilmasligi uchun universitet tomonidan tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda barcha zaruriy choralar ko‘rildi. Bugun talabalikka tavsiya etiladigan yoshlar sohaning ertasini belgilab berishini anglagan holda, bu jarayonga universitetning barcha xodimlari jiddiy e’tibor bilan yondashmoqda.
Bugungi kunda universitetimizda korrupsiyaga qarshi kurashishni nazorat qilish tizimini amalga oshirish uchun har bir professor-o‘qituvchi va talaba o‘zining bor kuchini safarbar qilishimiz lozim. Bu barchamizning vatan va xalq oldidagi burchimizdir. Shundagina hamjihatlikda korrupsiyaning ildizini yo‘qotishga erishamiz. Oliy ta’lim tizimida keyingi yillarda boshlab yuborilgan korrupsiyaning oldini olish va uning har qanday ko‘rinishlariga qarshi murosasiz kurashish ishlari qisqa fursatda o‘z samarasini bera boshladi. Bu borada OTM professor-o‘qituvchilariga ko‘rsatilgan g‘amxo‘rlik, ya’ni ish haqining sezilarli oshirilganligi ham o‘z ta’sirini o‘tkazdi.
Xususan, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida ham korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning oldini olish, korrupsion holatlarni barvaqt aniqlash va bartaraf etish maqsadida talabalarning murojaatlarini elektron qabul qilish uchun Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining @anticoredu rasmiy telegram boti, universitetning @rektorga_takliflar_bot, @REKTORGA_SAVOLIM_BORbot telegram botlari orqali, “Korrupsiyanazorat” telegrami, @anti_corruption_jtsu_telegram boti boti ishga tushirildi.
Talaba-yoshlarimizni ilm olish va halollik bilan o‘z kelajagini qurishga o‘rgatishimiz, shu bilan birga ularda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabat va ijtimoiy-psixologik immunitetni shakllantirishimiz pirovard vazifamizdir. Buning uchun esa, korrupsiyaga qarshi kurashni bir daqiqa bo‘lsin to‘xtamasligimiz kerak, deb hisoblayman.
Fursatdan foydalanib, barcha professor-o‘qituvchi, xodim va talabalarni korrupsiyaga qarshi kurashish tamoyillariga og‘ishmay rioya qilishga, har qanday ehtimoliy qonunbuzarliklar haqida xabar berish va shubha tug‘diruvchi holatlar yuz berganida mas’ullarga murojaat qilishlariga chaqirib qolaman.
Mahmudjon BOLTABAYEV,
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va
sport universiteti rektori, professor