Bugun butun dunyo nigohi Samarqandga qaratilgan. Zero, Samarqand shahrida yirik xalqaro anjuman — Shanxay hamkorlik tashkilotining navbatdagi sammiti bo‘lib o‘tmoqda. Pandemiya boshlanganidan beri ilk bor bevosita muloqot shaklida o‘tkazilayotgan mazkur tadbir xalqaro hamkorlikning yangi formatini shakllantirishda mustahkam poydevor bo‘ladi.
Davlatimiz rahbarining “Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti: o‘zaro bog‘liqlikdagi dunyoda muloqot va hamkorlik” sarlavhali maqolasida keltirilganidek, Shanxay hamkorlik tashkilotining muvaffaqiyat garovi – mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash orqali ko‘p tomonli hamkorlikni ilgari surishdadir. SHHT o‘z mohiyatiga ko‘ra, tinchlik, hamkorlik va taraqqiyot yo‘lida birlashishga, ayirmachilik unsuridan xoli bo‘lgan jozibador makonga aylanishi lozim.
Ushbu maqolada ta’kidlanganidek, insoniyatning bir butunligi va o‘zaro bog‘liqligi shu darajada yuqoriki, mavjud xatarlarning aksariyati nafaqat mintaqalar, balki umumjahon miqyosida hamkorlik qilishni taqozo etmoqda.
Shanxay hamkorlik tashkiloti ulkan imkoniyatlarga ega bo‘lgan hamda xalqaro iqtisodiy va siyosiy munosabatlar tizimida tobora muhimroq ahamiyat kasb etib borayotgan nufuzli xalqaro tuzilmadir. U tashkil etilganidan buyon qisqa vaqt mobaynida global siyosiy va iqtisodiy tizimning ajralmas qismiga aylandi. Tashkilotning jahonda yuz berayotgan voqealarga faol munosabati, xavfsizlik va iqtisodiy hamkorlikni ta’minlashga oid qat’iy siyosiy yo‘li dunyo hamjamiyatining qiziqishi va ishonchi ortishiga sabab bo‘lmoqda.
Shanxay hamkorlik tashkiloti dunyoning eng nufuzli va jahonda kechayotgan jarayonlarga ta’sir o‘tkazish salohiyatiga ega tashkilotiga aylandi. Bunday ishonchga erishishiga asosiy sabab ushbu xalqaro tashkilot o‘ziga a’zo davlatlarning teng manfaatli hamkorligini yo‘lga qo‘yganligidir. bugungi kunda tashkilot a’zo davlatlarning manfaatlariga teng javob beradigan ishonchli va ko‘p tomonli xalqaro hamkorlikni amalga oshirib kelmoqda. Ushbu hamkorlik SHHTga a’zo mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro siyosiy va iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, savdo-sotiqni kengaytirishga keng imkon yaratdi.
Mubolag‘asiz aytish mumkinki, bugun tashkilot globallashuv jarayonida dunyoda hamda mintaqada yuzaga kelayotgan turli muammolarni, ya’ni qurolli mojarolar orqali tinchlikning buzilishi, energiyaga bo‘lgan extiyojning kundan-kunga oshib borishi, oziq-ovqat xavfsizligi, suv resurslarni tanqisligining ortishi kabi masalalarni hamkorlik asosida muvaffaqiyatli hal etishga keng maydon yaratib beradi.
bugungi kunda SHHTga a’zo davlatlar yalpi ichki mahsulotining umumiy hajmi jahon ko‘rsatkichining qariyb chorak qismini tashkil qilmoqda. Bu esa endigina 20 yoshga to‘lgan ushbu mintaqaviy tashkilot tomonidan dunyoning barqaror rivojlanishiga qo‘shilayotgan hissasining salmog‘i yuksak ekanidan dalolatdir.
SHHTning Samarqand sammiti sayyoramiz tinchligi va xavfsizligi, dunyo mamlakatlari taraqqiyoti va farovonligiga xizmat qilishi shubhasiz. Zotan, sammit nafaqat SHHT uchun muhim voqea bo‘ladi, balki har tomonlama va o‘zaro manfaatli global hamkorlikni mustahkamlash uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.
E’tiborlisi, O‘zbekiston tashkilot doirasida konkret va amaliy tashabbuslarni ilgari suryapti. Masalan, O‘zbekiston rahbarining transport va o‘zaro bog‘liqlik, energetika, oziq-ovqat va ekologiya xavfsizligi, innovatsiyalar, raqamli transformatsiya va “yashil” iqtisodiyot kabi muhim yo‘nalishlardagi tashabbuslari orqali SHHT doirasidagi iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlari bir necha borabar ortadi, tashkilotning imiji va obro‘-e’tibori yanada yuksaladi.
Umuman, nufuzli xalqaro sammitning Samarqandda o‘tkazilishida ham o‘ziga xos ramziy ma’no bor. “Yer yuzining sayqali”, deya e’tirof etiladigan bu qadimiy zamin ko‘p asrlar mobaynida Yevropadan Xitoygacha bo‘lgan mamlakatlarni mustahkam rishtalar bilan bog‘lab, Shimol va Janubni, Sharq va G‘arbni yagona chorrahada tutashtirib kelgan.
Shubhasiz, ko‘hna va hamisha navqiron Samarqand Shanxay hamkorlik tashkiloti qudratini va jozibadorligini oshirish bilan tarixga kiradi. Samarqandning shonli tarixiy merosi va o‘ziga xos ruhi bunga xizmat qiladi.
Nodir G‘afforov,
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport
universiteti kafedra mudiri, dotsent
O‘zA