Qoraqalpog‘istonda bo‘lib o‘tgan voqealar hammamizni tashvishga soldi.
Ko‘ngilni xira qiladigan ushbu jarayonlar et bilan tirnoq bo‘lgan o‘zbek va qoraqalpoq elining azaliy qon-qardoshligiga raxna sololmasligi, biz bir Vatan, bir davlat fuqarolari sifatida jonajon O‘zbekistonimiz uchun yanada birlashib, yakdil bo‘lib harakat qilishimiz zarurligini namoyon qildi.
Azaldan bir daryodan suv ichgan, asrlar davomida bir tanu bir jon bo‘lib yashab kelayotgan o‘zbek va qoraqalpoq og‘a-inilar orasiga sovuqchilik urug‘ini sepmoqchi bo‘lgan g‘alamizlar bir haqiqatni yaxshi anglashi, bu xalqlarning ovuli, eli, suvi, tili, dini va maslagi bir ekanligini esdan chiqarmasliklari kerak.
Ularning tinch va farovon hayoti, osoyishta va sokin umrguzaronligiga hech qaysi kuch to‘sqinlik qila olmaydi. Buyuk shoirimiz Berdaq ta’kidlaganidek,
Oq bug‘doyi turib, suli sepkandan,
Toza sholi turib, kurmak ekkandan,
Jo‘nsiz qirq kun qayg‘u-hasrat chekkandan,
Tan sog‘likda bir kun shodlik yaxshiroq.
Buyuk shoir yozganidek, biz bugun har qachongidan ham bir tanu bir jon bo‘lib, bir-birimizga yelkadosh bo‘lib, tinchligimiz, osoyishtaligimizni asrab-avaylashimiz zarur.
Zero, tinchlik azaldan ulug‘ ne’mat hisoblangan. Ayniqsa, o‘zbek va qoraqalpoq xalqlari uchun bu ne’matning qadri g‘oyat kattadir. Shunday ekan, bunday tahlikali vaziyatlarda ogohlikni qo‘ldan boy bermasligimiz shart.
Bir o‘ylab qaraylik, axir shunday jannatmakon yurtimizni biz asramasak, boshqa kishi chetdan kelib yordam bermaydi. Agar shunday bo‘lsa ham, tag zamirida albatta, biron manfaat yotadi. Demak, biz o‘z muammolarimizni o‘zimiz hal etishimiz kerak!
Shu maqsadda davlatimiz rahbari qardosh Qoraqalpoqda kechgan tartibsizliklarni tezlik bilan bartaraf etish hamda u yerda avvalgidek osuda hayotni qaytarish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrif buyurdi va Nukus tumanidagi “Samanbay” ovul fuqarolar yig‘iniga borib, yoshullilar, hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari va xotin-qizlar faollari bilan uchrashdi. Prezidentimiz sodir bo‘lgan tashvishli voqealarni butun xalq chuqur dard va iztirob bilan qabul qilgani, bu sinovni og‘ir-bosiqlik, ahillik bilan ortda qoldirish kerakligini alohida ta’kidladi.
Shuningdek, ayni vaqtda yurtimizda kechayotgan siyosiy jarayon bo‘lmish, Bosh qomusimizga kiritilayotgan o‘zgartirishlarning adolatli bo‘lishini ta’minlash maqsadida Yurtboshimiz, - Konstitutsion islohot faqat xalqning ertangi kunini yaxshi qilish uchun. Agar qoraqalpoq xalqi norozi bo‘lsa, bironta modda o‘zgarmaydi hech qachon. Shuning uchun har bir deputat o‘zlarining takliflarini yana bir marta aytsa, 70, 71, 72, 74, 75-moddalarga bironta o‘zgartirish kiritilmaydi”, – degan qatiy fikrlarining o‘ziyoq eng avvalo, tinchlik hamma narsadan ustun ekanligining isbotidir.
To‘g‘ri bu hodisalar katta-kichikning birday tashvishlanishiga, ta’bir joiz bo‘lsa xavotiriga sabab bo‘ldi. Biroq o‘z vaqtida ko‘rilgan chora-tadbirlar evaziga yurtimizda yana osoyishtalik hukm surmoqda.
Ammo tanganing ikkinchi tomoni ham bor. Ya’ni qonunchiligimizda insonlarga xavf soladigan, davlatning odilona siyosatiga qarshi bitta harakat ham jazodan xoli emas. Bu borada Prezident Sh.Mirziyoyevning “Men baribir, qanday og‘ir bo‘lmasin, qonun ustuvorligini, jazo muqarrarligini ta’minlayman. Shuni hamma bilishi kerak. Menga tinchlik kerak. Bir narsani bilinglar - davlatning kuchi ham bor, qudrati ham bor, imkoniyati ham bor”, – degan so‘zlari yurt kishilarining ko‘ngliga taskin bo‘ldi, o‘ziga bo‘lgan ishonchni mustahkamladi.
Shu o‘rinda, jonkuyar sport murabbiylari, faxriylarimiz, yurt bayrog‘ini yuksaklarga ko‘tarayotgan chempionlarimiz, mamlakatimizda sog‘lom, jismonan va ma’nan barkamol farzandlarni tarbiyalayotgan professor-o‘qituvchilarimiz ham o‘zbek xalqi bilan maqsadlari mushtarak bo‘lgan Qoraqalpoq elidagi notinch vaziyatning o‘z o‘rniga tushishi, jamoatchilik o‘rtasida turli salbiy fikrlar yuzaga kelmasdan oldin birlashishga, ham fikr bo‘lib, bir yoqadan bosh chiqarib, harakat qilishda befarq bo‘lmasliklarini so‘rab qolardim.
Bir so‘z bilan aytganda, jahonga bo‘y tutayotgan Yangi O‘zbekistonni barpo etishda barcha imkoniyatlarni ishga solishimiz, davlatimizda yashayotgan turli millat va elat vakillari bilan do‘stlik aloqalarini doimiy mustahkamlab borishimiz, shu qatorda,yoshlarga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatib, ularning ilm-fanda ham, sport sohasida ham yetakchi bo‘lishiga ko‘maklashishimiz zarur. Zero, yoshlar Vatanimizning eng asosiy kuch-manbai, tayanch va qudratidir.
Mahmudjon BOLTABOEV,
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti rektori, professor