Bugun O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida O‘zbekiston davlat filarmoniyasi Samarqand viloyati bo‘linmasi ijodiy jamoasining “Sog‘inch!”, deb nomlangan jonli ijrodagi konsert dasturi namoyish etildi.
Konsert dasturidan oldin mehmonlar universitetda ishchi xodimlar va talabalar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishtirildi. Dastlab, talabalar axborot resurs markazida bo‘lishdi. universitet muzeyi, tikuvchilik xonasi, sport zallari, talablar turar joyi bilan tanishdi.
Shundan so‘ng, konsert dasturida iste’dodli xonandalar tomonidan tayyorlangan maqom, estrada, lirika yo‘nalishlaridagi qo‘shiqlar yangradi.
Konsertda O‘zbekiston xalq artisti Mardon Mavlonovning “Mavrigi”, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Erkin Qaytarovning “Samarqand tanovari”, Jahongir Niyozovning “Samarqandlik sanamlar”, Ozoda Ahmedovaning “Samarqadn”, xonanda Muxlisa Ahmadjonovaning “Xush kelibsiz” hamda bo‘linmaning sozandalar va “Tamanno” raqs ansambllarining kuy-qo‘shiqlari yangradi.
Samarqandning sevimli shoirasi Xosiyat Bobomurodovaning so‘zga chiqib samimiy tilaklarini bildirishi, sheʼrlaridan namunalar o‘qishi davraga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.