#xalqaro_hamkorlik
Joriy yilning 21-iyun kuni xorij safarida bo‘lib turgan O‘zDJTSU vakillari Litva Respublikasining Kaunas shahrida joylashgan Litva sport universitetiga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida universitet rektori Diana Reklaiteni, o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Jurate Pozeriene, ilmiy ishlar bo‘yicha prorektor Edmundas Jasinskas, universitet tarkibidagi Sport va innovatsiyalar tadqiqot instituti direktori Sigitas Kamandulis va mutaxassislik kafedra mudirlari ishtirokida uchrashuv tashkil etildi.
Unda oliygohimiz rektori M.Boltabayev universitet faoliyati, ilmiy yutuqlari va xorijiy hamkorlari to‘g‘risida ma’lumotlar berib o‘tdi. Shuningdek, tomonlar o‘rtasida, jumladan, Litva sport universiteti hamda O‘zDJTSU Jismoniy tarbiya va sport ilmiy tadqiqotlar instituti bilan ham hamkorlik shartnomalari imzolanib, xalqaro Erasmus+ dasturi asosida professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish, sportning basketbol turi bo‘yicha mutaxassislar almashinuvuni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
Ma’lumot o‘rnida, Litva sport universiteti Boltiqbo‘yi davlatlari orasida sport mutaxassislarini tayyorlaydigan yetakchi oliygoh sanalib, so‘nggi yillarda “Shanxay reytingi”da yuqori o‘rinlarni egallab kelmoqda.