Xabaringiz bor, 23 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida sportni ommalashtirish, sport taʼlimini yaxshilash va iqtidorli sportchilarni tayyorlash bo‘yicha katta yig‘ilish tashkil etilgandi. Bu borada O‘zbekiston boks federatsiyasi tegishli chora-tadbirlarni olib bormoqda. Bungacha federatsiya rahbariyati viloyatlarda safarda bo‘lib, hududlardagi vaziyatlarni, u yerdagi holatni o‘rgandi.
Ana shu ishlarning mantiqiy davomi sifatida federatsiya seleksiya tizimini rivojlantirish bo‘yicha navbatdagi katta qadamni tashladi. Prezident topshirig‘i asosida boksi jahonda taraqqiy etgan Kuba mamlakatidan kelgan professor, Kubada zamonaviy boks maktabining bugungi uslubini yo‘lga qo‘ygan tajribali mutaxassis Karlos Vilyanueva endi O‘zbekiston boks federatsiyasida maslahatchi sifatida ish boshladi.
Maʼlumot uchun, Karlos Vilyanueva ulkan va boy tajribaga ega professordir. Boks yo‘nalishida 48 yillik tajribaga ega. Kubada bugungi zamonaviy va milliy boks uslubi asoschilaridan biri. Mamlakatda boks maktablari va boks bilan shug‘ullanuvchilar uchun ishlab chiqilgan ko‘plab uslubiy qo‘llanmalar muallifidir. Uning qo‘llanmalari Kubada darslik sifatida o‘rganiladi. Faoliyati davomida 30 dan ortiq ilmiy qo‘llanmalarni ishlab chiqqan, u yaratgan qo‘llanmalar asosida bir qator mamlakatlarda boks tizimi tashkil etilgan.
Ilmiy ishlardan tashqari, ko‘plab mamlakatlarda murabbiy sifatida muvaffaqiyatli faoliyat olib borgan. Shogirdlari qatorida Olimpiya o‘yinlari va jahon chempionatlarining oltin medal egalari bor. Angola, Hindiston, Nikaragua, Pokiston, Venesuela, Meksika, Tayvan, Turkiya kabi mamlakatlarda turli lavozimda ishlagan. Bir qator tajribali murabbiylarning, shu jumladan bugungi kunda Kuba terma jamoasi bosh murabbiyi sifatida ishlayotgan Rolando Asebalning ham ustozi hisoblanadi.
Kubalik mutaxassisning vazifasi shundan iboratki, u Kuba va O‘zbekiston boks tizimini o‘rganib, tahlil qilgan holda mamlakatimizda bokschilar tayyorlashning yagona uslubiy qo‘llanmasini yaratish ishlarida yaqindan yordam beradi. Ushbu loyiha yo‘lida O‘zbekiston boks federatsiyasi va O‘zbekiston davlat Jismoniy tarbiya va sport universiteti mutasaddilaridan tashkil topgan ishchi guruh tuzildi. Ayni paytda bu ishchi guruh o‘rganish ishlarini boshlab yuborgan.
O‘zbekiston boks federatsiyasida o‘tkazilgan yig‘ilishda ham universitetda faoliyat olib boruvchi professor, dotsentlar bilan birgalikda ushbu loyiha muhokama qilindi, bir qator muammolar tahlil qilindi. Qilinadigan ishlar rejalashtirildi, yo‘l xaritalari tuzib olindi. Unga ko‘ra, ishni tizimli yo‘lga qo‘yishda murabbiylar malakasini oshirish muhim ahamiyatga ega ekanligi alohida taʼkidlandi.
Yana bir yangilik - rejaga binoan, endi O‘zbekistonda bokschilarni tayyorlash bo‘yicha milliy standart ishlab chiqiladi. Ana shu standart bolalar va o‘smirlar sport maktablari, boks maktablari, Olimpiya zaxiralari kollejlarida joriy qilinadi va yangi tizim asosida bokschilar tayyorlanadi. Bu esa o‘z navbatida seleksiyani samarali tashkil etish, yangidan-yangi nomlarni kashf etishda muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.