Bugun O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Madaniyat saroyida “Oliy taʼlim muassasalari jismoniy tarbiya va sport sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan fakultet dekanlari hamda kafedra mudirlari uchun taʼlimni kredit-modul tizimi asosida rivojlantirish muammolari” mavzusida amaliy seminar-trening bo‘lib o‘tdi.
Seminar-treningda Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligi, Sportni rivojlantirish vazirligi vakillari, respublikadagi oliy taʼlim muassasalarining jismoniy tarbiya va sport sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan fakultet dekanlari va kafedra mudirlari ishtirok etdi.
Dastavval seminar-trening O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti rektori Mahmudjon Boltabayevning kirish so‘zi bilan boshlandi.
So‘ngra tadbirda Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligi vakillaridan Alijon Xo‘jayev, Alisher Abdullayev hamda Sportni rivojlantirish vazirligi Sport-taʼlim va ilmiy muassasalar bilan ishlash boshqarmasi boshlig‘i Muqum Arziqulovlar oliy taʼlim mussasalarini raqamlashtirishda HEMIS axborot tizimining imkoniyatlari, mavjud mummolar va sport sohasi taʼlim yo‘nalishlarida kredit-modul tizimi asosida o‘quv jarayonini rejalashtirsh, uning meʼyoriy-uslubiy taʼminoti, pedogoglar faoliyati, talabalar o‘zlashtirishini baholash kabi mavzularda taqdimotlar qildi.
Qilingan taqdimotlar yakunida seminar-treningga tashrif buyurgan ishtirokchilarning savollariga batafsil javob berildi. Ularning fikr-mulohazalari va takliflari asosida endilikda sohada taʼlim-tarbiya sifatini oshirish uchun zarur bo‘lgan metodik faoliyatni muvofiqlashtirish maqsadida o‘quv-uslubiy metodik kengash tashkil etilishi belgilandi.
Seminar-trening ikkinchi qismida oliy taʼlimning jismoniy tarbiya va sport taʼlimi tizimida HEMIS dasturini boshqarish va kredit-modul tizimi asosida rivojlantirish muammolariga bag‘ishlangan muhokamalar bo‘lib o‘tdi.
Seminar-trening yakunida ishtirokchilar O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining bo‘lim, fakultet, kafedralari faoliyati bilan tanishdi va hamkorlik aloqalarini o‘rnatish bo‘yicha kelishuvlar imzolandi.
O‘zDJTSU axborot xizmati