O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti rektori Maxmudjon Boltabayevning
MUROJAATI
Shiddat bilan rivojlanib borayotgan bir davrda, jamiyat farovonligi va taraqqiyotiga to‘siq bo‘layotgan illatlarning bugungi kundagi eng xavflisi korrupsiyadir. Lekin jamiyat rivojiga to‘sqinlik qiluvchi bu illatning yurtimiz kelajagi bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan ta’lim sohasida mavjudligi yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan salbiy holatdir. Mamlaktimizda keyingi yillarda oliy ta’lim sohasida xizmat qilayotgan xodimlarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilib, ularning jamiyatimizdagi ijtimoiy mavqei yana-da mustahkamlanmoqda.
Xususan, professor-o‘qituvchilar imtiyozli kreditlar asosida uy-joy, transport vositalari bilan ta’minlangani, oylik ish haqiga ustamalar joriy etilganini islohotlarning mantiqiy davomi ekanligini qayd etish joiz. Shuningdek, mamlakatimiz rahbari tomonidan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun, “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmon hamda “O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish Agentligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorining qabul qilinganligi bu illatga qarshi kurashish qanchalik muhimligi va bu bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlardan darak bermoqda.
Bugungi kunda oliy ta’lim tizimida olib borilayotgan islohotlar natijasida sohada faoliyat yuritish tom ma’noda faxrli kasbga aylangani, bu g‘amxo‘rlik va imkoniyatlarga javoban avvalo, professor-o‘qituvchilar kasbiy burchlarini vijdonan bajarishga mas’uldir. Korrupsiyaga qarshi kurashishda jamiyatimizning har bir a’zosi mas’ul bo‘lib, unga qarshi kurashda barchamiz bir yoqadan bosh chiqarmog‘imiz lozim. Yana shuni ham ta’kidlash joizki, yoshlarning oliy ta’lim bilan ilk uchrashuvlari albatta, qabul jarayonlari, kirish imtihonlarida bo‘ladi. Qabul jarayonlari hamda kirish imtihonlarini shaffof va adolatli tarzda tashkil etish oliy ta’lim sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlar zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklaydi. Negaki, yaqin qarindoshlar, do‘st-u birodorlarga bo‘lgan samimiy munosabatimiz sabab, "Mehr-oqibat ortiga yashiringan — korrupsiya!" harakatlari asosida “qarindosh-urug‘chilik va oshna-og‘aynichilik oqibati qayerda qoldi”, “beminnat ko‘mak-ku!”, “bu ishni sen hal qilmasang kim hal qiladi” qabilidagi jirkanch illat niqobini kiyib oladigan korrupsiya sizni ham o‘z domiga “sehrli” ohangrabodek tortishga harakat qilishi, oqibatda esa bir umr e’zozlab kelgan kasbingiz yohud jamiyatdagi o‘rningizni yo‘qqa chiqarishi mumkin.
O‘qish jarayonida ham o‘qimagan talabaga bahoni qo‘yish, tanish-bilish tomonidan iltimos qilish kabi jirkanch illatlardan holi bo‘lish vaqti keldi. Shu bois, barchamiz ogoh bo‘lmog‘imiz, nafaqat o‘zimiz, balki atrofimizdagilarning ham bu jarayonlarda qing‘ir yo‘llardan foydalanmasligi uchun kurashmog‘imiz zarur.
Fursatdan foydalanib, barcha professor-o‘qituvchi, xodim va talabalarni korrupsiyaga qarshi kurashish tamoyillarga og‘ishmay rioya qilishga, har qanday ehtimoliy qonunbuzarliklar haqida xabar berish va shubha tug‘diruvchi holatlar yuz berganida mas’ullarga murojaat qilishga chaqirib qolaman.
Eng muhimi, talaba-yoshlarimizni ilm olish va halollik bilan o‘z kelajagini qurishga o‘rgatishimiz, shu bilan birga ularda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabat va ijtimoiy-psixologik immunitetni shakllantirishimiz pirovard vazifamizdir. Buning uchun esa, korrupsiyaga qarshi kurashni bir daqiqa bo‘lsin to‘xtamasligimiz kerak, deb hisoblayman.