Joriy yilning 21-iyul kuni Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida oliygoh hamda uning Nukus va Fargʻona filiallarida 2023/2024 oʻquv yilida oʻqishga qabul qilish uchun oʻtkaziladigan kasbiy (ijodiy) imtihonlarni adolatli, xolis va shaffof oʻtkazishni taʼminlash maqsadida yigʻilish boʻlib oʻtdi.
Yigʻilishda Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirining oʻrinbosarlari D.Raximova, M.Ismailov va universitet rektori M.Boltabayev va boshqalar ishtirok etishdi.
Kun tartibida 2023/2024 oʻquv yilida universitet va uning filiallarida kasbiy (ijodiy) imtihon jarayonlari shaffofligini taʼminlagan holda yuqori saviyada tashkil etish boʻyicha qabul komissiyasi kotiblari hamda aʼzolari ishtirokida seminar tashkil etish, kasbiy (ijodiy) imtihon jarayonlarini adolatli, xolis va shaffof oʻtkazilishini taʼminlash maqsadida tegishli tashkilotlardan malakali mutaxassislarni jalb etilganligini nazorat qilish, kasbiy (ijodiy) imtihon jarayonlari videokuzatuvga yozib olinishini tashkil etish hamda abituriyentlarning ota-onalariga kerakli sharoitlar yaratish borasida fikr-mulohazalar yuritilib, masʼul ijrochilarga vazifalar yuklatildi.