Bugun O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida joriy yilning 20-24 iyun kunlari Chirchiq shahri mezbonlik qiladigan o‘smirlar o‘rtasida og‘ir atletika bo‘yicha ilk marotaba o‘tkaziladigan Markaziy Osiyo Ochiq chempionati doirasida malakali murabbiy va hakamlar uchun Jismoniy tarbiya va sport ilmiy tadqiqotlar instituti hamda O‘zbekiston Respublikasi Og‘ir atletika federatsiyalari bilan hamkorlikda ilmiy-amaliy seminar tashkil etildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Og‘ir atletika federatsiyasi, Jismoniy tarbiya va sport ilmiy tadqiqotlar instituti vakillari, universitet prorektorlari, kafedra mudirlari, professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar, Markaziy Osiyo shuningdek, Turkiya, Eron, Ozarbayjon kabi xorijiy davlatlar va respublikamizdagi ushbu sohada faoliyat yuritayotgan mutaxassislar ishtirok etishdi.
Konferensiya davomida bir qator xalqaro va mahalliy mutaxassislar hamda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti professor-o‘qituvchilari tomonidan og‘ir atletika sport turidagi eng dolzarb masalalar, jumladan: og‘ir atletika mashg‘ulotlarini tuzishda davrlashning o‘rni, professional sportchilarni uzoq muddatli tayyorlashda og‘ir atletika vositalari va mashg‘ulotlar davomiyligida klassik mashqlar texnikasini o‘rganish kabi mavzularda taqdimotlar qilindi. Shu bilan birga, ushbu sport turda olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar tahlili yuzasidan ham fikr-mulohazalar bildirildi.
Yakunda esa konferensiya ishtirokchilariga sertifikatlar topshirildi.