Bugun O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida Sport tadbirlarini tashkil etish kafedrasi dotsenti, sport faxriysi Daurenov Eshboy Yusupovich tavalludining 80 yilligi va mehnat faoliyatining 65 yilligiga bag‘ishlangan “Ommaviy sport tadbirlarini tashkil etish: muammolar, tendensiyalar va istiqbollar” mavzusida Xalqaro ilmiy anjuman tashkil etildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vaziri o‘rinbosari D.Raximova, vazirlik boshqarma boshliqlari R.Matkarimov, M.Arziqulovlar, universitetning O‘quv ishlari bo‘yicha prorektori A.Xadjayev, fakultet dekanlari, kafedra mudirlari, bo‘lim rahbarlari, respublikamizdagi jismoniy tarbiya va sport sohasida faoliyat yuritayotgan bir guruh mutaxassislar, professor-o‘qituvchilar va talabalar qatnashishdi.
Dastlab anjumanni vazir o‘rinbosari ochib berib, faxriy ustozga Yoshlar siyosati va sport vaziri tomonidan bildirilgan tashakkurnoma hamda esdalik sovg‘alarini topshirdi. Shu qatorda, oliygoh vakillari, mehmonlar va E.Daurenovning ko‘plab shogirdlari ham so‘zga chiqib, o‘zlarining esdalik sovg‘alarini ulashishdi. Shuningdek, anjuman davomida jismoniy tarbiya va ommaviy sportni rivojlantirishda sport turizmining o‘rni, yirik sport tadbirlarini tashkil etish hamda boshqarish kabi muhim mavzularda taqdimotlar qilindi va ular bo‘yicha muhokamalar o‘tkazildi.