Bugun O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida 21 mart – Navro‘z ayyomi munosabati bilan “Har kuning Navro‘z bo‘lsin, jonajon O‘zbekistonim!” nomli katta bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Unda universitet rektori M.Boltabayev boshchiligidagi rahbariyat jamoasi, oliygohning xorijiy hamkorlaridan bir hisoblangan Litva Respublikasidan tashrif buyurgan faxriy mehmonlar, O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi va Chirchiq shahar hokimligi vakillari, MFY faollari, professor-o‘qituvchilar, turli millat markazlari hamda OAV xodimlari va talaba-yoshlar ishtirok etishdi.
Bayram tadbiri oliygoh rektorining kirish so‘zi bilan boshlandi va barchani kirib kelayotgan Navro‘zi olam bilan samimiy muborakbod etdi. Shu bilan birga, tadbirning bir qator faxriy mehmonlari ham so‘zga chiqib, universitetda tashkil etilgan mazkur shodiyona to‘g‘risida o‘zlarining fikr-mulohazalarini bildirib o‘tishdi. Shuningdek, tadbir davomida fakultetlar tomonidan respublikamizdagi mavjud viloyatlarning milliy anʼana va urf-odatlarini aks ettiruvchi sahna ko‘rinishlari, aytishuvlar, osh chempionati, jozibador raqslar, milliy o‘yinlarimizdan arqon tortish, dorboz ustalari va harbiy qism askarlarining chiqishlari hamda milliy taomlar, hunarmandchilik buyumlarining ko‘rgazmalari bayram tadbiriga yana-da o‘zgacha ko‘rk baxsh etdi. Bayram tadbiri doirasida OAV xodimlari uchun press-tur ham tashkil etilib, ular oliygohda talabalar, professor-o'qitvchilar uchun yaratilgan sharoitlar, sport zallari hamda mashg'ulot jarayonlari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo'lishdi.
Bayram tadbirining yakunida yangragan sho‘x kuy-qo‘shiqlar esa barchaga birdek quvonch ulashib, ularni raqsga chorlab qoldi.